$
 11833.37
35.91
 13577.61
-30.76
 139.79
0.02
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘qituvchilarning farzandlari uchun kontrakt to‘loviga 30 foiz chegirma beriladi

Talaba

17-sentabr kuni qabul qilingan Hukumatning 501-son qarori bilan pedagoglarning davlat oliy ta’lim tashkilotlarida o‘qiyotgan farzandlari uchun to‘lov-kontrakt summasiga chegirma berish tartibi belgilandi.

Unga ko‘ra, 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab har yili davlat oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga kirgan va tahsil olayotgan pedagoglarning farzandlari uchun to‘lov-kontrakt summasining 30 foizi miqdorida chegirma taqdim etiladi.

Kimlarga chegirma beriladi?

Mazkur imtiyoz davlat oliy ta’lim tashkilotlarining bakalavriat bosqichida kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan pedagoglarning farzandlariga nisbatan qo‘llaniladi.

Agar pedagogning bir nechta farzandi davlat OTMlarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qiyotgan bo‘lsa, chegirma ularning har biri uchun alohida qo‘llanadi.

Qaysi ta’lim shakllariga chegirma tatbiq etilmaydi?

30 foizlik chegirma quyidagi holatlarda berilmaydi:

— oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim tashkilotlarida tahsil olayotganlarga;

— O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari va ularning filiallarida o‘qiyotganlarga;

— qo‘shimcha va tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida tahsil olayotganlarga;

— xorijiy hamkor OTMlarning qo‘shma ta’lim dasturlari va fakultetlarida o‘qiyotganlarga;

— nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida tahsil olayotganlarga.

Chegirma qanday olinadi?

Pedagogning farzandi to‘lov-kontrakt shartnomasini olish uchun kontrakt.edu.uz tizimi orqali ariza yuboradi.

Arizani ko‘rib chiqish vaqtida talabaning pedagog farzandi ekanligi “Raqamli hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali tasdiqlanadi. Shundan so‘ng chegirma avtomatik tarzda qo‘llaniladi.

Arizalar mas’ul tashkilot tomonidan ikki ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi.

Mazkur chegirma har bir o‘quv yili uchun bir marta qo‘llanadi.

Agar pedagogning farzandi o‘qish davomida otasi yoki onasi pedagog toifasidan chiqarilgan bo‘lsa, chegirmadan foydalanish keyingi o‘quv yilidan boshlab to‘xtatiladi.

Теги :
Jamiyat