$
 11839.59
6.22
 13569.35
-8.26
 140.42
0.63
weather
+26
Кечаси   +14°

Firibgarlar o‘zbekistonliklarga haftasiga 15 mln so‘m va’da qilmoqda: Soxta davlat dasturi ortida yangi firibgarlik sxemasi aniqlandi

Kiberjinoyat

Kiberjinoyatlardan himoyalanish bilan shug‘ullanuvchi F6 kompaniyasi O‘zbekiston, Belarus va Tojikiston fuqarolariga qarshi qo‘llanayotgan yangi firibgarlik sxemasini aniqladi. Jinoyatchilar odamlarni davlat to‘lovlari va “passiv daromad” olish imkoniyati bilan qiziqtirib, ularning shaxsiy va moliyaviy ma’lumotlarini qo‘lga kiritishga urinmoqda.

F6 ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur sxema bilan bog‘liq 360 dan ortiq soxta sayt aniqlangan.

Firibgarlar davlat portallariga o‘xshash saytlar yaratmoqda

Firibgarlar davlat portallari va hududiy OAV saytlarining ko‘rinishini takrorlaydigan sahifalarni ishga tushirmoqda. Ushbu resurslarda aslida mavjud bo‘lmagan ijtimoiy dastur haqida ma’lumot berilib, fuqarolarga pul olish uchun maxsus so‘rovnomani to‘ldirish taklif qilinadi.

O‘zbekiston aholisi uchun tayyorlangan soxta takliflarda har hafta 15 mln so‘m miqdorida to‘lov berilishi aytilmoqda. Go‘yoki mablag‘ni olish uchun fuqaro faqat ism-familiyasi va telefon raqamini kiritishi kerak.

Biroq so‘rovnoma to‘ldirilganidan keyin firibgarlikning keyingi bosqichi boshlanadi.

“Shaxsiy menejer” orqali pul talab qilinishi mumkin

Ayrim holatlarda jabrlanuvchi bilan o‘zini “shaxsiy menejer” deb tanishtirgan shaxs bog‘lanadi. U to‘lovni rasmiylashtirish uchun komissiya yoki badal to‘lash zarurligini aytib, fuqarodan pul o‘tkazishni so‘rashi mumkin.

Boshqa sxemalarda esa foydalanuvchiga “ro‘yxatdan o‘tish” yoki “shaxsni tasdiqlash” uchun maxsus ilova o‘rnatish taklif qilinadi. Bunday ilova aslida zararli dastur bo‘lishi mumkin. Uni o‘rnatish orqali firibgarlar qurilmaga, shuningdek, bank hisoblaridagi mablag‘larga kirish imkoniyatini qo‘lga kiritishi ehtimoli bor.

Pasport ma’lumotlari ham xavf ostida

Firibgarlar fuqarolardan pasport nusxasi yoki uning skanini yuborishni ham talab qilishi mumkin.

Qo‘lga kiritilgan bunday ma’lumotlar keyinchalik boshqa hujumlarda ishlatilishi mumkin. Jumladan, jinoyatchilar jabrlanuvchi nomiga kredit rasmiylashtirishga yoki uning nomidan boshqa odamlarga fishing xabarlarini yuborishga urinishi mumkin.

Firibgarlar davlat dasturlariga bo‘lgan ishonchdan foydalanmoqda

F6 kompaniyasining raqamli xatarlardan himoyalanish departamenti katta tahlilchisi Anastasiya Knyazeva firibgarlar odamlarning davlat dasturlariga bo‘lgan ishonchidan foydalanishga urinayotganini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, jinoyatchilar soxta sahifalarni haqiqiydek ko‘rsatish uchun davlat tashkilotlari va OAVlarning rasmiy saytlaridagi tashqi ko‘rinish hamda uslubni ko‘chirib olmoqda.

Firibgarlarga aldanib qolmaslik uchun nimalarga e’tibor berish kerak?

F6 fuqarolarga davlat to‘lovlari va ijtimoiy dasturlar haqidagi ma’lumotlarni faqat davlat organlarining rasmiy saytlaridan tekshirishni tavsiya qilmoqda. Shuningdek, sayt manzilini diqqat bilan ko‘rib chiqish kerak.

Notanish odamlardan yuborilgan havolalarni ochmaslik lozim. Hatto havola tanish insondan kutilmaganda kelgan bo‘lsa ham, uni tekshirmasdan bosmaslik kerak. Chunki uning akkaunti firibgarlar tomonidan buzilgan bo‘lishi mumkin.

Bank kartasi ma’lumotlari, parollar, SMS orqali yuboriladigan tasdiqlash kodlari va boshqa shaxsiy ma’lumotlarni begona odamlarga bermaslik kerak.

Shuningdek, notanish shaxslarning ilova o‘rnatish haqidagi talablarini bajarmaslik va va’da qilingan to‘lovni olish uchun hech kimga pul o‘tkazmaslik tavsiya etiladi.

Теги :
Jamiyat