$
 11765.21
-0.55
 13586.46
-52.41
 139.35
-0.36
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 3,9 foizgacha tushdi

Kambag Foto: Gazeta.uz

O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 5,8 foizdan 3,9 foizgacha pasaydi. Bu haqda Bandlik vazirligi xabar berdi.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning dastlabki sakkiz oyida 515 mingta oila uchun individual rejalar ishlab chiqilgan. Ushbu rejalar doirasida 161 ming nafar fuqaro ish bilan ta’minlangan, yana 304 ming nafar aholi tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilingan.

Shuningdek, mahallalarda qariyb 55 mingta mikroloyiha ishga tushirilgan. Ularning amalga oshirilishi natijasida 164 ming nafar aholining daromadi oshirilgani qayd etilgan.

Ko‘rilgan choralar natijasida 49 ta tuman va 3 429 ta mahalla “kambag‘allikdan holi” hududga aylangani ma’lum qilingan.

Aholining ehtiyojlari yangi diagnostika tizimi orqali o‘rganiladi

Bandlik va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha ishlarni takomillashtirish maqsadida “avval tashxis — keyin yechim” tamoyiliga asoslangan yangi diagnostika tizimini joriy etish rejalashtirilgan.

Yangi tizim doirasida fuqarolar xonadonma-xonadon o‘rganiladi va ular haqidagi ma’lumotlar “Onlayn mahalla” tizimiga kiritiladi. Ishsizlik hamda kambag‘allikning kelib chiqish sabablari aniqlangach, har bir fuqaro uchun individual reja ishlab chiqiladi. Shuningdek, tegishli ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan “Ombor kitobi” shakllantiriladi.

Sun’iy intellekt yordamida fuqarolar tegishli toifalarga ajratilib, ularga biriktirilgan mas’ullar — “mahalla yettiligi” tomonidan ish olib boriladi. Tuzilgan rejalar tasdiqlanadi va har chorakda qayta ko‘rib chiqilib, yangilanadi.

Vazirlik, shuningdek, ayni paytda hokimlar rahbarligida “favqulodda shtablar” faoliyati yo‘lga qo‘yilganini bildirgan.

Yil oxirigacha yana 230 mingta oilani kambag‘allikdan chiqarish rejalashtirilgan

Belgilangan vazifalarga ko‘ra, 2026-yil yakuniga qadar yana 230 mingta oilani kambag‘allikdan chiqarish ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, 1 million nafar aholining daromadini oshirish vazifasi belgilangan.

Теги :
Jamiyat