Seshanba, 20-oktabr, 2026
Havo 86 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
🌤 +16° kechasi +9°

JSTga harakat: O‘zbekiston Rossiya, Xitoy, Yevropa Ittifoqi bilan muzokaralar olib bormoqda

O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lishi uchun barcha a'zo davlatlarning roziligi talab etiladi. Mamlakatning hozirgi natijalari qanday?

3 daqiqa o‘qiladi

JSTga harakat: O‘zbekiston Rossiya, Xitoy, Yevropa Ittifoqi bilan muzokaralar olib bormoqda

O‘zbekiston Rossiya, Xitoy, Yevropa Ittifoqi va boshqa rivojlangan davlatlar bilan Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda 6-noyabr kuni “O‘zbekistonda Yevropa iqtisodiyoti kunlari” haftaligida prezidentning JST bo‘yicha maxsus vakili Azizbek Urunov ma’lum qildi.

AQSH 21-davlat

Noyabr oyida O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha AQSh bilan bir yildan ortiq davom etgan muzokaralarni yakunladi. Shu tariqa, Qo‘shma Shtatlar mamlakatning tashkilotga a’zoligini qo‘llab-quvvatlagan 21-davlatga aylandi.

“Bizda JSTga a’zo bo‘lish borasida] bosqichma-bosqich yakunlanayotgan ikki tomonlama muzokaralar bo‘yicha davlatlarning arizalari mavjud. Biz 21ta davlat bilan muzokaralar yakunlanganini ma’lum qilgan edik. Muzokaralarni yakunlashimiz kerak bo‘lgan yana bir necha davlat qoldi. Bu Rossiya, Yevropa Ittifoqi, Xitoy, Buyuk Britaniya, Shveysariya va shunga o‘xshash bir qator davlatlardir”, — dedi Urunov.

Shu bilan birga, maxsus vakil JSTga a’zo bo‘lishdan oldin nomzod davlat tashkilotning boshqa a’zolari bilan ikki tomonlama muzokaralarni boshlashi mumkin, deya ta’kidladi.

JSTga a’zo bo‘lish nimalar beradi?

Azizbek Urunov 26-oktabr kuni Vashingtonda Jahon banki guruhining yillik yig‘ilishlari doirasida O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishiga bag‘ishlangan davra suhbatida O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi 5−7 yil ichida mamlakat iqtisodiyotining qo‘shimcha 17 foizga o‘sishiga yordam berishini qayd etgandi.

Ekspertlarning fikricha, mamlakat uchun a’zolik tashqi savdoning rivojlanishi, ishbilarmonlik muhitining yaxshilanishi, qo‘shimcha investitsiyalarni jalb etish va iqtisodiy o‘sish afzalliklariga erishadi.

Shuningdek, qilinishi kerak bo‘lgan ishlarning ko‘pligiga qaramay, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish maqsadiga sodiqligi va keng ko‘lamli xalqaro qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan Jahon bankining texnik yordami bu maqsadga erishish imkonini berayotgani ta’kidlangan.

A’zolik uchun nechta davlat qo‘llab-quvvatlovi kerak?

Ma'lumotlarga ko'ra, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lishi uchun barcha 164 a’zo davlatning roziligi talab etiladi. Har bir a’zo davlat O‘zbekistonning JSTga qo‘shilishiga rozilik berishi kerak, chunki tashkilotga a’zolik konsensus asosida amalga oshiriladi. Bu jarayonda O‘zbekiston har bir a’zo davlat bilan alohida muzokaralar olib borib, ularning qo‘llab-quvvatlashini olishi lozim.

JSTga a’zo bo‘lish harakatlari

2023-yilning iyunida O‘zbekistonda JST masalalari bo‘yicha maxsus vakil lavozimi joriy etildi. Uning asosiy vazifalaridan biri JSTga a’zo bo‘lish jarayonini jadallashtirish, mas’ul vazirlik va idoralar faoliyatining natijadorligini ta’minlash bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish hisoblanadi.

Sentabrda Shavkat Mirziyoyev JST bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bilan a’zolik masalalarini ko‘rib chiqdi. Tomonlar ishchi guruhning navbatdagi yig‘ilishiga tayyorgarlikni tezlashtirish, mutaxassislarning malakasini oshirish hamda qonunchilikni JST bitim va qoidalariga muvofiqlashtirishga kelishishdi.

O‘zbekiston 2026-yilgacha Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishni rejalashtirmoqda. JST ishchi guruhi mamlakatni “qo‘shimcha majburiyatlarni olishga” chaqirdi.

Shavkat Mirziyoyev avgust oyida tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda JSTga a’zo bo‘lishni “islohotlarning ajralmas qismi” deb ta’kidladi. davlat rahbarining qayd etishicha, proteksionizm O‘zbekistonning rivojlanish imkoniyatlarini cheklaydi.

Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lganda o‘tish davridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishini ma’lum qildi. Bojxona bojlari tashkilotga a’zo boshqa davlatlar bilan tuzilgan kelishuvlar asosida belgilanadi.

Sentabr oyida O‘zbekiston 18ta davlat bilan JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarni yakunlagani xabar qilingandi. Braziliya va Shri-Lanka bilan bozorga kirish bo‘yicha muzokaralarni tugatish to‘g‘risida protokollar imzolandi.