$
 12557.56
-34.15
 14809.13
-12.57
 159.44
-0.74
weather
+26
Кечаси   +14°
powerads

JSTga a’zolik yaqin 5—7 yil ichida YaIMning qo‘shimcha 17 foizga o‘sishiga yordam beradi

JST O

2024-yilning 27-oktyabr kuni Vashington shahrida Jahon banki va Xalqaro valyuta jamg‘armasining yillik yig‘ilishi doirasida Jahon banki, Jahon savdo tashkiloti (JST) va Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) bilan hamkorlikda “O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish yo‘li: islohotlar va global integratsiya” mavzusida yuqori darajali davra suhbati o‘tkazildi.

Xalqaro qo‘llab-quvvatlov

Yig‘ilishda O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi doirasida amalga oshirayotgan muhim islohotlari, shuningdek, ko‘p-tomonlama savdo tizimi va global qo‘shilgan qiymat zanjirlariga qo‘shilish masalalari muhokama qilindi. Ochilish marosimida Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha vitse-prezidenti Antonella Bassani, JST bosh direktori o‘rinbosari Yoxanna Xill so‘zga chiqishdi. Ular O‘zbekiston so‘nggi yillardagi tashkilotga a’zo bo‘lish jarayonida muhim natijalarga erishganini qayd etishdi. Jahon banki va JST vakillari O‘zbekistonning sa’y-harakatlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlashi va yaqin kelajakda mamlakatning JSTga a’zo bo‘lish jarayoni muvaffaqiyatli yakunlanishiga ishonch bildirdilar.

O‘zbekiston tomonidan Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli va strategik islohotlarga hamda JSTga a’zolik ushbu tub o‘zgarishlarning ajralmas bir qismi ekanligiga urg‘u berib, “O‘zbekiston-2030” strategiyasida belgilangan maqsadlar va ularga erishish rejalari bilan tanishtirdi. Mazkur sa’y-harakatlar mamlakatning xalqaro miqyosida raqobatbardoshligini oshirishga qaratilganini ta’kidladi.

JSTga a’zolik yo‘lida O‘zbekistonda qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

O‘z navbatida, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha bosh muzokarachisi Azizbek Urunov mamlakatimizning JSTga a’zo bo‘lish talablarini bajarish va a’zolik jarayonining borishi yuzasidan erishgan natijalar va oldinda turgan rejalar haqida ma’lumot berdi. 2023-yildan buyon muzokaralar jarayoni sezilarli darajada jadallashib, Ishchi guruhning uchta yig‘ilishi o‘tkazildi, to‘rtinchisi esa 2024-yil dekabrida o‘tkazilishi reja qilingan.

Yig‘ilishda qonunchilikni modernizatsiya qilish, shaffoflikni oshirish va milliy qonunchilik bazasini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish borasidagi sa’y-harakatlar hamda xalqaro hamkorlar tomonidan qo‘shimcha yordam talab qilinadigan sohalar tahlillari muhokama qilindi.

Mazkur davra suhbati O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishining afzalliklari haqida ekspertlar va rasmiylar o‘rtasida fikr almashish uchun platforma bo‘lib xizmat qildi. Muhokamalar chog‘ida O‘zbekistonning islohotlari jahon savdosidagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qilishi, shuningdek, sarmoya jalb etish va iqtisodiy o‘sish uchun yangi imkoniyatlar ochishi alohida ta’kidlandi.

O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lganidan keyin kutilayotgan muhim iqtisodiy imkoniyatlar

Bundan tashqari, XVJ va Jahon banki vakillari O‘zbekistonni JSTga a’zo bo‘lganidan keyin kutilayotgan muhim iqtisodiy imkoniyatlarni ta’kidladilar. Ular tashkilotga a’zo bo‘lishdan O‘zbekiston 5-7 yil ichida mamlakat yalpi ichki mahsulotining qo‘shimcha 17 foizga o‘sishiga olib kelishi mumkinligini hisoblab, xizmatlar sohasini bu o‘sishning asosiy omillaridan biri sifatida qayd etishdi. Xizmatlar sohasini rivojlantirishga, ayniqsa, dengizga chiqa olmaydigan O‘zbekiston kabi davlatlar uchun o‘ta muhimligiga alohida urg‘u berildi.

Qozog‘iston sobiq vaziri va bosh muzokarachisi, hozirda Savdo va integratsiya vazirining maslahatchisi Janar Aitjanova Qozog‘istonning JSTga a’zo bo‘lishining ijobiy natijalarini to‘g‘risidagi tajribasi bilan bo‘lishdi.

Qozog‘iston vakili davlatning bu boradagi tajribasi bilan o‘rtoqlashdi

Xususan, J. Aitjanova xizmatlar sohasida savdo taqchilligi sezilarli darajada qisqargani, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadlar 70 foizdan ko‘proqqa oshgani, shuningdek, texnik jihatdan tartibga solishning samarali tizimi yaratilgani xalqaro bozorlarda Qozog‘iston milliy mahsulotlarining sifati va raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilganini ta’kidladi. U JSTga a’zo bo‘lishga tayyorgarlik jarayonida amalga oshirilgan islohotlar uzoq muddatli iqtisodiy o‘sish, investitsiyaviy muhitni yaxshilash va mamlakat eksport salohiyatini kengaytirish uchun asos bo‘lganini ta’kidladi.

O‘zbekiston 2026-yilgacha a’zolikni qo‘lga kiritmoqchi

Yakunda davra suhbati ishtirokchilari islohotlar va integratsiya yo‘lidagi salmoqli muvaffaqiyatlarni qayd etib, 2026-yilda O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi jarayonini yakunlash maqsadida hamkorlikni yanada mustahkamlash muhimligini qayd etishdi. Iqtisodiyotni yanada erkinlashtirish, shaffoflikni oshirish va barqaror iqtisodiy o‘sish va investitsiyalarni jalb qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan davlat islohotlarini davom ettirishda barcha hamkorlar O‘zbekistonni to‘liq qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini ta’kidlashdi.