$
 11783.47
-14.45
 13688.86
-51.0
 139.70
1.7
weather
+26
Кечаси   +14°

Bag‘dodda 20 yoshli yigit buvisini o‘ldirib, jasadi bo‘lgan xonadonga o‘t qo‘ydi

Jinoyatchi

Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumanida 20 yoshli yigit o‘z buvisini o‘ldirib, jinoyat izlarini yashirish uchun jasadi bo‘lgan xonadonga o‘t qo‘ygan. U bu jinoyatni tengdoshi bilan birgalikda sodir etgan.

Tergov davomida aniqlanishicha, marhuma Bag‘dod tumanidagi ko‘p qavatli uylardan birida yolg‘iz yashagan. U odamlarga foiz evaziga pul berib kelgan va xonadonida mablag‘ saqlanishini nabirasi yaxshi bilgan. Avval ham o‘g‘rilik jinoyati uchun ikki marta sudlangan yigit navbatdagi jinoyatini aynan shu pullarni qo‘lga kiritish maqsadida rejalashtirgan.

Voqeadan ikki kun oldin u Toshkentda ishlab yurgan tanishiga qo‘ng‘iroq qilib, Bag‘dodda pul ishlab olish mumkinligini aytgan. Sherigi tumanga qaytib kelganidan so‘ng, ular tungi soat 23:00 atrofida jinoiy rejani muhokama qilgan.

Ertasi kuni soat 15:00 larda ikkalasi marhumaning yashash manziliga borib, vaziyatni o‘rgangan. Biroq ko‘chada odamlar ko‘pligi sababli rejasini amalga oshirmasdan ortga qaytgan.

Uyga qaytgan buvi qarshilik ko‘rsatgan

Oradan bir kun o‘tib, yigitlar yana marhumaning xonadoniga kelgan. Bu safar atrofda hech kim bo‘lmagan. Ular buvining ham uyda yo‘qligidan foydalanib, xonadonga kirgan va pul hamda qimmatbaho buyumlarni qidira boshlagan.

Biroq shu payt marhuma uyiga qaytib kelgan. Ayol ularga qarshilik ko‘rsatganidan so‘ng, nabirasi o‘zi bilan olib kelgan oshxona pichog‘i bilan buvisining ko‘krak qismiga zarba bergan. Og‘ir tan jarohati olgan ayol hushidan ketgan.

Shundan keyin jinoyatchilar xonadondan tilla zanjir, zirak, avtomobil monitori hamda 2 million so‘m pulni olib chiqib ketgan.

Jinoyat izlarini yashirish uchun uyga o‘t qo‘ygan

Nabira jinoyat izlarini yashirish maqsadida keyinchalik yana marhumaning xonadoniga qaytgan. U soat 16:00 lar atrofida yoqilg‘i quyish shoxobchasidan 10 litr benzin sotib olib, uni uy yaqiniga yashirgan.

Tungi soat 23:00 larda esa benzinni olib, xonadonga kirgan. U yoqilg‘ini uyning turli joylariga hamda buvisining jasadiga sepib, o‘t qo‘ygan. Shundan so‘ng eshikni qulflab, voqea joyidan ketgan.

Sud yigitlarga 16 va 17 yil qamoq jazosi tayinladi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Buvayda tuman sudida ko‘rib chiqilgan ish yakunida ikki sudlanuvchiga nisbatan hukm chiqarilgan.

Birinchi sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 97-moddasi ikkinchi qismining “p” bandi, 169-moddasi ikkinchi qismining “g” bandi va 173-moddasi ikkinchi qismining “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga 17 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Ikkinchi sudlanuvchi esa Jinoyat kodeksining 97-moddasi ikkinchi qismining “p” bandi va 169-moddasi ikkinchi qismining “g” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Sud uning 16 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilishini belgilagan.

Теги :
Jamiyat