$
 11765.76
-17.71
 13638.87
-49.99
 139.71
0.01
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonliklar 2,5 ming yevro maosh bilan Germaniyaga ishga taklif qilinmoqda

Germaniya

Migratsiya agentligi Germaniyaning RRG AG tashkiloti bilan hamkorlikda qurilish sohasi mutaxassislarini ishga jalb etish dasturini yo‘lga qo‘ydi. Dastur doirasida jami 200 ta bo‘sh ish o‘rni mavjud.

Ishga qabul qilingan xodimlar haftasiga besh kun, jami 40 soat mehnat qiladi. Ularning qo‘lga tegadigan oylik ish haqi 2,5 ming yevroni tashkil etadi.

Germaniyada yashash bilan bog‘liq xarajatlarning bir qismi nomzodlarning o‘z zimmasida bo‘ladi. Jumladan, turar joy uchun oyiga 300 yevro hamda oziq-ovqat xarajatlarini ishchilar o‘zlari qoplaydi.

Qaysi yo‘nalishlar bo‘yicha ishchilar kerak?

Dasturga 18 yoshdan 39 yoshgacha bo‘lgan, oliy yoki kasb-hunar ta’limi to‘g‘risidagi diplomga ega nomzodlar qatnashishi mumkin. Talabgorlar tegishli yo‘nalish bo‘yicha kamida ikki yillik texnikum yoki kollej diplomiga ega bo‘lishi kerak. Bundan tashqari, so‘nggi besh yil davomida mutaxassisligi bo‘yicha kamida ikki yillik ish tajribasi talab etiladi.

Ishga qabul qilish quyidagi kasblar bo‘yicha amalga oshiriladi:

  • G‘isht teruvchi;
  • Qurilish duradgori;
  • Qurilish chilangari;
  • Sanoat mexanigi;
  • Qurilish krani operatori;
  • Qurilish payvandchisi;
  • Beton quyuvchi.

Nomzodlar uchun nemis tili kurslari bepul

Dastur ishtirokchilari Toshkent shahridagi Berlitz o‘quv markazida sakkiz oy davomida nemis tilini o‘rganadi. Mashg‘ulotlar til bilishning A1 darajasidan B1 darajasigacha olib boriladi.

Nemis tili kurslari xarajatlari Migratsiya agentligi va ish beruvchi tomonidan qoplanadi. Til sertifikati imtihonini topshirish, viza rasmiylashtirish hamda aviachipta xarajatlarini esa ish beruvchi o‘z zimmasiga oladi.

Muddatsiz shartnoma va Germaniyadagi xodimlar bilan teng sharoitlar

Nomzodlar bilan olti oylik sinov muddatini nazarda tutuvchi muddatsiz mehnat shartnomasi tuziladi. Mehnat shartnomasida ish haqi, ustamalar, sug‘urta, ta’til va boshqa mehnat sharoitlari Germaniyada ishlayotgan xodimlar bilan teng darajada belgilanadi.

Germaniyada yashashni boshlaganidan keyin ishchilar oila a’zolarini doimiy yashash uchun mamlakatga olib kelish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shuningdek, farzandlari uchun nafaqa olish imkoniyati ham mavjud.

Arizalar 30-sentyabrgacha qabul qilinadi

Dasturda ishtirok etishni istaganlar 30-sentyabrgacha ariza topshirishi mumkin. Ish beruvchilar bilan onlayn suhbatlar oktyabr oyidan boshlab har hafta o‘tkaziladi.

Suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar guruhlar shakllanishiga qarab nemis tili kurslariga jalb etiladi.

Теги :
Jamiyat