$
 11839.59
6.22
 13569.35
-8.26
 140.42
0.63
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonlik bankir Interpol qidiruviga berildi

Interpol qidiruvi

Sobiq Madad Invest Bank aksiyadori va kuzatuv kengashi raisi Mo‘minjon Yo‘ldoshev xalqaro qidiruvga berildi. U O‘zbekiston Jinoyat kodeksining o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilishga oid moddasi bilan bog‘liq jinoyatda gumonlanmoqda.

Interpolning ochiq ma’lumotlar bazasida Madad Invest Bank — hozirgi MyBank’ning sobiq yirik aksiyadori va kuzatuv kengashi raisi Mo‘minjon Yo‘ldoshevga nisbatan “qizil bildirishnoma” e’lon qilingani ko‘rsatilgan.

Ochiq bazalardagi ma’lumotlarga ko‘ra, Yo‘ldoshev 2026-yil 15-sentabrdan xalqaro qidiruvda. U O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi — o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish bilan bog‘liq jinoyat bo‘yicha qidirilmoqda.

Interpolning tushuntirishicha, Red Notice huquqni muhofaza qiluvchi organlarga shaxsni topish va uni ekstraditsiya qilish, topshirish yoki boshqa huquqiy jarayonlar doirasida vaqtincha hibsga olish bo‘yicha yuboriladigan so‘rovdir.

Biroq “qizil bildirishnoma” xalqaro hibs orderi hisoblanmaydi. Shaxsni hibsga olish yoki olmaslik masalasini har bir davlat o‘z milliy qonunchiligi asosida hal qiladi.

Yo‘ldoshevga avval ham xalqaro sanksiya qo‘llangan

Mo‘minjon Yo‘ldoshevga nisbatan Interpol orqali qidiruv e’lon qilinishi uning xalqaro darajadagi ilk cheklovga uchrashi emas.

Jahon banki 2019-yil 8-iyulda Yo‘ldoshevni kamida to‘rt yil davomida bank tomonidan moliyalashtiriladigan loyihalarda ishtirok etish huquqidan mahrum qilgan. Ushbu cheklov Yo‘ldoshev to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita nazorat qiladigan yuridik shaxslarga ham tatbiq etilgan.

Jahon banki hujjatlarida ushbu ish Sirdaryo viloyatidagi suv ta’minoti loyihasi doirasidagi tender bilan bog‘liqligi qayd etilgan.

Bankning Integrity Vice Presidency tuzilmasi Yo‘ldoshevni tenderda ishtirok etgan raqobatchi kompaniya vakiliga o‘z taklifini qaytarib olishi uchun tahdid qilganlikda ayblagan.

Yo‘ldoshev Jahon bankining sanksiyalar bo‘yicha tegishli organlariga belgilangan muddatda e’tiroz bildirmagan. Shu sababli unga nisbatan to‘rt yillik sanksiya 2019-yil 8-iyuldan kuchga kirgan.

Yo‘ldoshevning qidiruvga berilishi MyBank faoliyatiga ta’sir qildimi?

Hozircha Mo‘minjon Yo‘ldoshevning Interpol qidiruviga berilgani MyBank faoliyatiga bevosita ta’sir ko‘rsatgani haqida rasmiy ma’lumot berilmagan.

Bankning rasmiy veb-sayti faol ishlamoqda. Unda mijozlar uchun bank xizmatlari hamda 2026-yilga oid korporativ ma’lumotlar e’lon qilinmoqda. Saytda MyBank’ning O‘zbekiston Markaziy banki tomonidan berilgan №82 litsenziyasi ham ko‘rsatilgan.

MyBank tomonidan 2026-yil uchun e’lon qilingan affillangan shaxslar ro‘yxatida esa Mo‘minjon Yo‘ldoshev kuzatuv kengashi yoki bank boshqaruvi a’zosi sifatida qayd etilmagan.

Теги :
Jamiyat