$
 11795.00
-18.09
 13698.71
21.51
 135.80
0.19
weather
+26
Кечаси   +14°

Endi aholi “uchastkovoy”ni ishdan bo‘shatishi mumkin bo‘ladi

Profilaktika inspektori Foto: Uznews

Mamlakatimizda ilk bor ichki ishlar organlari profilaktika inspektorlarining huquqiy maqomi, asosiy vazifalari, huquq va majburiyatlari hamda ijtimoiy himoya choralari alohida qonun darajasida mustahkamlanishi kutilmoqda. Davlat rahbari tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida parlamentga taqdim etilgan “Ichki ishlar organlari profilaktika inspektorining maqomi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi Qonunchilik palatasining 25-avgustdagi majlisida konseptual jihatdan, birinchi o‘qishda ma’qullandi. Mazkur huquqiy hujjat jami 8 ta bob va 37 ta moddadan tashkil topgan.

Mahalla ahliga inspektorga ishonchsizlik bildirish huquqi beriladi

Hujjat bilan sohaga “ishonchsizlik tashabbusi” deb nomlanuvchi mutlaqo yangi mexanizm olib kirilmoqda. Unga ko‘ra, biror bir hududda istiqomat qiluvchi aholining 50 foizdan ortiq qismi amaldagi profilaktika inspektoriga ishonchsizlik bildirsa, ushbu xodim majburiy tartibda attestatsiyaga jalb etiladi va uning egallab turgan lavozimiga loyiqlik masalasi qayta ko‘rib chiqiladi.

Parlament muhokamalari davomida deputatlar fuqarolarning ishonch darajasini aniqlash tartibi qanday amalga oshirilishi bilan qiziqishdi. Ichki ishlar vazirligi vakili ushbu savolga javob berar ekan, profilaktika inspektorlarining faoliyatiga eng avvalo xalqning o‘zi xolis baho berishi lozimligini, shundan kelib chiqib, tegishli tartib Hukumat tomonidan alohida ishlab chiqilishini ta’kidladi.

Ovoz berish jarayoni elektron platforma orqali yo‘lga qo‘yiladi

IIV vakilining keltirishicha, aholining baholash jarayoni “Mening inspektorim” maxsus elektron tizimi orqali amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Tizimda muayyan hududda yashovchi fuqarolar ro‘yxatga olinadi. Agar ro‘yxatdan o‘tgan aholining yarmidan ko‘pi inspektorga ishonchsizlik bildirib ovoz bersa, bu holat xodimni egallab turgan lavozimidan ozod etishgacha bo‘lgan choralarni ko‘rishga asos bo‘ladi. Maxsus baholash va ovoz berish mexanizmi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlanishi kutilmoqda. Majlis yakunida Qonunchilik palatasi spikeri gap aynan elektron shaklda ovoz berish jarayoni haqida borayotganiga yana bir bor aniqlik kiritib, uning barcha texnik va huquqiy tafsilotlari Hukumat qarorlarida to‘liq belgilab berilishini qayd etdi.

Теги :
Jamiyat