$
 11785.30
-9.7
 13695.70
-3.01
 136.13
0.33
weather
+26
Кечаси   +14°

“Uchastkovoylar”ga haydovchilarni jarimaga tortish huquqi berilyapti

Uchaskovoy Foto: Gazeta.uz

O‘zbekistonda profilaktika inspektorlarining vakolatlari kengaytiriladi. Endilikda ular muayyan huquqbuzarliklar, jumladan, mahalla ko‘chalari va ichki yo‘llarda yo‘l harakati qoidalarining buzilishi bo‘yicha maʼmuriy jazo choralarini qo‘llash huquqiga ega bo‘ladilar.

Profilaktika inspektorlariga qanday vakolatlar beriladi?

O‘zbekiston Prezidenti 4-sentabr kuni “Jamoat xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha ichki ishlar organlari faoliyatini tashkil etishning yangi tartibini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Hujjatga muvofiq, ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini taʼminlashga masʼul bo‘linmalari faoliyati yaxlit tizim asosida yo‘lga qo‘yiladi.

Yangi tartibda asosiy eʼtibor fuqarolar murojaatlariga tezkor munosabat bildirish, aholi bilan ochiq muloqot o‘rnatish, huquqbuzarliklarga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan muammolarni joyida hal etish hamda ularning kelib chiqish omillarini barvaqt aniqlab, bartaraf etishga qaratiladi.

YHQ buzilishlari uchun inspektorlar jarima qo‘llashi mumkin

Profilaktika inspektorlariga bir qator qo‘shimcha vakolatlar beriladi.

Xususan, ular mahalla ko‘chalari va ichki yo‘llarda sodir etilgan yo‘l harakati qoidalarining 4 turdagi buzilishi bo‘yicha maʼmuriy jazo qo‘llay oladilar.

Buning ustiga, agar maʼmuriy huquqbuzarlik inspektor vakolatiga kirsa va birinchi marotaba sodir etilgan bo‘lsa, u 17 turdagi unchalik og‘ir bo‘lmagan huquqbuzarlik yuzasidan maʼmuriy ogohlantirish berish huquqiga ega bo‘ladi.

Yana 9 turdagi huquqbuzarlik profilaktika inspektorlari tomonidan ko‘rib chiqiladi

Ilgari tuman va shahar ichki ishlar organlari boshliqlari yoki ularning o‘rinbosarlari vakolatiga kirgan maʼmuriy huquqbuzarliklarning 9 turi bundan buyon profilaktika inspektorlari tomonidan ko‘rib chiqilishi belgilandi.

Bunday ishlar bo‘yicha inspektorlar maʼmuriy jazo choralarini qo‘llash haqida mustaqil qaror qabul qila oladilar.

Inspektor ishiga xalaqit berganlik uchun javobgarlik joriy etiladi

Hujjat bilan profilaktika inspektorining o‘z xizmat burchini bajarishiga to‘sqinlik qilganlik uchun maʼmuriy javobgarlik ham belgilangan.

Shu bilan birga, xavf guruhiga kiruvchi shaxslar bilan har kuni manzilli profilaktika ishlarini olib borish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Yangi tizim huquqbuzarliklarga zamin yaratuvchi sabab va omillarni bevosita joylarning o‘zida aniqlab, bartaraf etishga hamda aholi o‘rtasidagi profilaktik tadbirlarning tezkorligini oshirishga xizmat qiladi.

Теги :
Jamiyat