$
 11783.47
-14.45
 13688.86
-51.0
 139.70
1.7
weather
+26
Кечаси   +14°

Husiylar egallagan port dunyoni xavotirga soldi: Yamanda nimalar bo‘lyapti?

Husiylar

Yamanning g‘arbiy sohilidagi strategik Moha port shahri Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan husiylar nazoratiga o‘tdi. Guruh ayni paytda Qizil dengizdagi Hanish orollari tomon ham siljimoqda. Bu harakatlar husiylarning Yaman sohilidagi nazoratini kengaytirish va muhim Bab al-Mandab bo‘g‘ozi ustidan ta’sirini kuchaytirishga qaratilgan yangi hujumining bir qismi sifatida baholanmoqda. Bu haqda Reuters va boshqa xalqaro nashrlar xabar berdi.

Husiylarning hujumi Yaman hukumati kuchlari bilan to‘qnashuvlar keskin kuchaygan davrga to‘g‘ri kelmoqda. Mamlakatda 2022-yildan buyon nisbatan tinchlik saqlanib kelayotgan edi. Biroq so‘nggi haftalarda jangovar harakatlar yana avj oldi.

Mojaroning qayta kuchayishi endilikda nafaqat Yaman ichidagi kuchlar muvozanatiga, balki Qizil dengiz orqali o‘tadigan xalqaro savdo va neft tashuvlariga ham xavf tug‘dirmoqda.

Moha qanday qo‘lga olindi?

Moha Yamanning g‘arbiy sohilida, Bab al-Mandab bo‘g‘ozidan qariyb 80 kilometr uzoqlikda joylashgan. Shahar uchun janglar boshlanishidan avval husiylar Taiz va Hudayda yo‘nalishlaridagi hujumlarini kuchaytirgan.

Husiylarning oldinga siljishi natijasida xalqaro tan olingan Yaman hukumati tomonida jang qilayotgan kuchlar janubga chekinishga majbur bo‘lgan. Hukumat kuchlari qo‘mondoni Tariq Solih qo‘shinlarni qayta guruhlash uchun yangi pozitsiyalarga olib chiqishni buyurgan.

Husiylar endi Moha janubidagi Dhubab hududi tomon ham harakatlanmoqda. Bu hudud va unga yaqin joylashgan Perim oroli Bab al-Mandab ustidan nazorat o‘rnatish nuqtayi nazaridan muhim strategik hududlar hisoblanadi.

Husiylar harakati vakili Yahyo Sariyaning so‘zlariga ko‘ra, “Ansorulloh” jangarilari Yamanning Taiz va Al-Hodeida viloyatlaridagi umumiy maydoni 5400 kvadrat kilometr bo‘lgan oltita tumanni nazoratga oldi.

“Ko‘p tomonlama harbiy operatsiya Saudiya Arabistoni qo‘shinlarini g‘anbiy qirg‘oqbo‘yi mintaqalaridan quvib chiqarish maqsadida olib borilmoqda”, — dedi Yahyo Sariya Al-Marisax telekanalida.

Nega Bab al-Mandab dunyo uchun muhim?

Yamanning g‘arbiy qirg‘og‘i Bab al-Mandab bo‘g‘oziga chiqish imkoniyati tufayli katta strategik ahamiyatga ega.

Bab al-Mandab Qizil dengizni Adan qo‘ltig‘i va Hind okeani bilan bog‘laydigan tor dengiz yo‘li hisoblanadi. U Suvaysh kanalining janubiy darvozasi bo‘lib, Osiyo va Yevropani bog‘laydigan eng muhim savdo yo‘nalishlaridan biridir. Aynan shu yo‘l Osiyodan Yevropaga tovarlarni tashish uchun eng qisqa dengiz yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Jahon neft ishlab chiqarishining qariyb 7 foizi ushbu hudud orqali tashiladi. Shu sababli Bab al-Mandab ustidan nazorat o‘rnatilishi neft, gaz va boshqa yuklarning xalqaro oqimlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Masalaning ahamiyati hozir yanada ortgan. Hormuz bo‘g‘ozidagi uzilishlar sabab Saudiya Arabistoni va boshqa davlatlar Qizil dengiz yo‘nalishidan muqobil marshrut sifatida ko‘proq foydalanmoqda. Agar Bab al-Mandab ham xavf ostida qolsa, jahon energetika bozoriga bosim yanada kuchayishi mumkin.

Husiylar Saudiya Arabistoniga ham hujumlarni kuchaytirdi

Moha uchun janglar davom etayotgan bir paytda husiylar Saudiya Arabistonining janubiy hududlariga raketa va dron hujumlarini ham kuchaytirgan.

Saudiya rasmiylariga ko‘ra, so‘nggi hujumlarda 73 kishi, jumladan ayollar va bolalar jarohatlangan. Riyod bunga javoban Yaman hududidagi husiylar pozitsiyalariga havo zarbalari bergan.

Husiylar esa Qizil dengizdagi xalqaro kemalar qatnovi xavfsizligini ta’minlashlarini, biroq Saudiya kemalariga nisbatan blokada saqlanishini bildirgan. Guruhning bu pozitsiyasi Saudiya Arabistonining Yaman hukumatini qo‘llab-quvvatlayotgani bilan bog‘liq.

Pokiston esa Saudiya nomidan Eronga husiylarni tiyib turish haqida ogohlantirish yuborgan.

Tehron rasman husiylar ustidan nazoratga ega ekanini rad etmoqda. Biroq Reuters suhbatlashgan ayrim manbalar Eron husiylarga Saudiya Arabistoniga qarshi hujumlarni kuchaytirish bo‘yicha ko‘rsatma bergani hamda qo‘shimcha qurol va moliyaviy yordam va’da qilganini bildirgan.

Yaman yana keng ko‘lamli urush yoqasidami?

Yamandagi fuqarolar urushi 2014-yilda husiylarning poytaxt Sana ustidan nazorat o‘rnatishi ortidan keskinlashgan. 2015-yilda esa Saudiya Arabistoni husiylarning kuchayib borayotgan ta’sirini to‘xtatish maqsadida harbiy koalitsiyaga boshchilik qilib, mojaroga bevosita aralashgan.

2022-yilda erishilgan sulh yirik janglarni sezilarli darajada kamaytirgan. Shunga qaramay, tomonlar o‘rtasida doimiy siyosiy kelishuvga erishilmagan.

So‘nggi haftalardagi janglarning kuchayishi esa Yaman yana keng ko‘lamli fuqarolar urushiga qaytishi mumkinligi haqidagi xavotirlarni kuchaytirmoqda.

Husiylar kimlar?

Husiylar, o‘zlarini “Ansorulloh” deb ataydigan, Yamandagi zaydiy shialar orasidan shakllangan siyosiy-harbiy harakatdir. Guruh 1990-yillarda paydo bo‘lgan va 2014-yilda Yaman poytaxti Sana ustidan nazoratni qo‘lga kiritgan.

Husiylar Eron bilan yaqin ittifoqda bo‘lib, Yaman hukumatiga, Saudiya Arabistoniga va AQShning mintaqadagi siyosatiga qarshi kurashib keladi. Guruh raketa va dronlardan, shuningdek, dengizdagi hujum imkoniyatlaridan foydalanish salohiyatini rivojlantirgan.

2023-yildan boshlab husiylar Qizil dengizdagi kemalarga hujum qila boshlagan. Guruh bu hujumlarni G‘azodagi urush fonida falastinliklarni qo‘llab-quvvatlash bilan izohlagan.

Mazkur hujumlar xalqaro kemachilik kompaniyalarini ayrim kemalarni Afrika janubidan aylanib o‘tuvchi uzoqroq yo‘nalishlarga yo‘naltirishga majbur qilgan.

Shu sababli Moha ustidan nazoratning qo‘lga olinishi oddiy hududiy g‘alaba bilan cheklanmaydi. Husiylar Bab al-Mandabga tobora yaqinlashmoqda. Bu bo‘g‘oz ustidan nazorat yoki uning xavfsizligiga tahdid xalqaro savdo va energetika oqimlariga bevosita ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Теги :
Jamiyat