$
 11915.64
28.92
 13749.46
32.19
 146.19
-0.18
weather
+26
Кечаси   +14°

Endi Hormuz bo‘g‘ozini Eron va Ummon birgalikda nazorat qiladi: Ikki davlat vaqtinchalik kelishuvga erishdi, lekin...

Hormuz

Eron hamda Ummon sultonligi strategik ahamiyatga ega bo‘lgan Hormuz bo‘g‘ozi orqali tijorat va yuk kemalari harakatini qayta yo‘lga qo‘yish bo‘yicha o‘zaro bitim imzoladi. “Al-Arabiya” telekanali bergan ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur vaqtinchalik tartib tepatadan 60 kun davomida amal qilishi belgilangan.

Manbalarning bildirishicha, qatnovni tiklashga qaratilgan ushbu hujjat borasida yaqin kunlarda rasmiy bayonot berilishi kutilmoqda. Shunday bo‘lsa-da, Tehron va Maskat o‘rtasida erishilgan ushbu bitim kuchga kirishi uchun avvalo Eron Oliy milliy xavfsizlik kengashi tomonidan to‘liq ma’qullanishi lozim.

Harakatlanishning yangi tartibi

Ushbu 60 kunlik kelishuv mintaqadagi mavjud boshi berk ko‘chadan chiqish hamda tomonlar o‘rtasida texnik muzokaralar jarayonini boshlash uchun zarur muhitni yaratib beradi. Belgilangan yangi qoidalarga ko‘ra, bo‘g‘ozga kirib kelayotgan kemalar Eron qirg‘oqlari bo‘ylab ajratilgan yo‘lak orqali, u yerdan chiqib ketayotgan suv transportlari esa Ummon hududiy suvlariga yaqin yo‘nalish bo‘ylab harakatlanadi.

Shu bilan birga, kelishuv doirasida mintaqadagi boshqa davlatlar ham suv yo‘lagini minalardan holi qilish va tozalash ishlariga jalb etilishi ko‘zda tutilgan.

Davom etayotgan muzokaralar

Telekanal manbasi bergan qo‘shimcha xabarga ko‘ra, Amerika Qo‘shma Shtatlari va Eron o‘rtasida vositachilar orqali kechayotgan muloqotlar to‘xtagani yo‘q va ular hozirda hal qiluvchi yakuniy bosqichga yetgan. Diplomatik sa’y-harakatlar doirasida Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi joriy haftaning oxirida yoki kelayotgan haftaning boshida Pokistonga rasmiy tashrif buyurishi rejalashtirilmoqda.

Bundan oldinroq Eron Tashqi ishlar vazirligi vakillari Tehron va Maskat bo‘g‘ozdan o‘tuvchi yangi transport yo‘nalishining aniq koordinatalarini belgilab olgani va tez orada qo‘shma bayonot e’lon qilinishini ma’lum qilgan edi. Biroq, Eron tomoni AQSh tomonidan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan beqarorlashtiruvchi harakatlar va xavflar sababli ushbu vaqtinchalik kelishuv dengiz yo‘lagida to‘liq xavfsizlikni kafolatlay olmasligini alohida ta’kidlagan.

Теги :
Jamiyat