Prezident ishdan bo‘shatgan 10 nafar hokimlardan biri yangi lavozimga tayinlandi
U avval 5 yil davomida Mingbuloq tumaniga hokimlik qilgan.
1 daqiqa o‘qiladi

Nurshod Xudoyberdiyev Namangan viloyati qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Hokimlik faoliyatida kamchiliklar kuzatilgan
Ma’lum qilinishicha, tayinlovga qadar u 2019-yil mart oyidan boshlab 5 yil davomida Mingbuloq tumaniga hokimlik qilgan. U prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 17-iyul kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida faoliyatida tizimli kamchiliklarga yo‘l qo‘yganligi sababli lavozimidan ozod etilgan 10 nafar hokimdan biri bo‘lgandi.
Hokimlikkacha bo‘lgan davrida irrigatsiya sohasida faoliyat yuritgan
Viloyat hokimlining xabarida aytilishicha, u 2024-yilning avgust oyiga qadar tuman hokimi bo‘lib ishlagan.
Shuningdek, Nurshod Xudoyberdiyev mehnat faoliyati davomida Namangan viloyati “Suvnazorat” inspeksiyasida turli vazifalarda ishlagan. 2015—2016-yillarda Mingbuloq tumani Zardaryo irrigatsiya tizimi boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan.
2016—2017-yillarda Norin-Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, 2017—2019-yillarda Norin-Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘i sifatida faoliyat ko‘rsatgan.
Avvalroq ham shunga o‘xshash voqea haqida xabar bergan edik. 2019-yilda Andijonga hokimlik qilgan Dilmurod Rahmatullayevning shaxsiy foto va videolari tarqalib, turli muhokamalarga sabab bo‘lgani uchun ishdan olingan bo‘lishiga qaramay, 17-avgust kuni Andijon shahar obodonlashtirish bo‘limi boshlig‘i lavozimida ish boshlagan edi. Ammo bir hafta ichida sobiq hokim Dilmurod Rahmatullayev shaharning yangi hokimi G‘ofur Abdurahmonov qarori bilan ishdan olingan.



