Sobiq hokim yana bir hafta ichida ishdan olindi
U 2019-yilda tarqalgan shaxsiy videolari sabab hokim lavozimidan olingan edi. 17-avgustda esa shahar obodonlashtirish bo‘limiga rahbar qilib tayinlangan.
2 daqiqa o‘qiladi

2019-yilda Andijonga hokimlik qilgan Dilmurod Rahmatullayevning shaxsiy foto va videolari tarqalib, turli muhokamalarga sabab bo‘lgandi.
Andijon shahrining yangi hokimi sobiq hokimni ishdan bo‘shatgan
Ma’lum qilinishicha, bir hafta avval, 17-avgust kuni Andijon shahar obodonlashtirish bo‘limi boshlig‘i lavozimida ish boshlagan sobiq hokim Dilmurod Rahmatullayev shaharning yangi hokimi G‘ofur Abdurahmonov qarori bilan ishdan olingan. Bu haqda Kun.uz xabar bermoqda.
Sobiq hokimga ko‘ra unga “fitna uyushtirilgan”
Dilmurod Rahmatullayev 2019-yil iyun oyida viloyat hokimi tomonidan o‘tkazilgan selektor yig‘ilishida qattiq tanqid va haqorat qilingandi. O‘sha yili avgustda o‘ziga nisbatan fitna uyushtirilayotganini aytib, “Buni qoralayman, la’natlayman” deb video e’lon qilgan va shundan so‘ng ishdan olingandi.
Eslatib o‘tamiz, Dilmurod Rahmatullayev 2016—2019-yillarda Andijon shahriga hokimlik qilgan. U 2017-yilda Andijon shahridagi ayrim ta’lim muassasalarining rahbarlarini haqorat qilgani yozilgan audiosi tarqalib ketganidan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda “mashhur” bo‘lib ketib, sud hukmi bilan jarimaga tortilgan.
U 2018-yilda oxirgi marta ogohlantirilgan
Shuning bilan birga, u 2018-yilning aprelida o‘tkazilgan videoselektorda qilgan nojo‘ya ishlari uchun bosh vazir tomonidan hayfsan olib, oxirgi marotaba ogohlantirilgan.
2019-yilda esa hokim haqida shaxsiy video va fotolari tarqalib, turli muhokamalarga sabab bo‘lgandi.
Shuningdek, Dilmurod Rahmatullayevning “Bu Andijon shahri, viloyat va rahbariyatni obro‘siga putur yetkazish, deb o‘ylayman. Buni qoralayman, la’natlayman”, — deya holatga munosabat bildirgani tarmoqlarda keng tarqab, memga aylangandi.



