O‘zlashtirilgan 252,5 millionlik aktivlar O‘zbekistonga qaytmoqda
Shveytsariya Gulnora Karimova ishi doirasida musodara qilingan aktivlarning yana 252,5 million dollarini O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha bitimni tasdiqladi.
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Shveytsariya o‘rtasida Gulnora Karimova tomonidan noqonuniy o‘zlashtirilgan aktivlarning navbatdagi qismini mamlakatga qaytarish bo‘yicha kelishuv 2026-yil 24-noyabr kuni imzolandi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, bitim doirasida 252,5 million dollar O‘zbekistonga qaytariladi.
Mablag‘larni taqsimlash strategiyasining ikkinchi bosqichiga oid hujjatni O‘zbekiston iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Otabek Fazilkarimov, Shveytsariyaning O‘zbekistondagi elchisi Simone Giger hamda BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Sabine Mahl imzolagan.
Mablag‘lar qaysi sohalarga yo‘naltiriladi?
Qaytariladigan pullar “Ishonch – 2030” (Uzbekistan Vision 2030 Fund) trast jamg‘armasi orqali boshqariladi. Dasturlar BMT va Jahon banki ishtirokida amalga oshiriladi. Mablag‘larni taqsimlashda ikkita asosiy yo‘nalish belgilangan.
Birinchisi — sog‘liqni saqlash. Ushbu yo‘nalishda bolalar va o‘smirlarga tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish, kasalliklarning oldini olish va ularni erta aniqlash, ayrim onkologik kasalliklarni davolash imkoniyatlarini kengaytirish ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, tibbiyot xodimlarining malakasini oshirishga ham mablag‘ ajratiladi.
Ikkinchisi — ta’lim. Bunda yangi maktablar qurilishini qo‘llab-quvvatlash, ta’lim jarayoniga raqamli texnologiyalarni joriy etish, o‘qituvchilar malakasini oshirish va sifatli ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish rejalashtirilgan.
Loyihalarda qishloq hududlari va ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyati cheklangan aholi qatlamlariga ustuvorlik beriladi.
Avval ham mablag‘lar qaytarilgan
“Ishonch” jamg‘armasi Shveytsariyada musodara qilingan aktivlarni O‘zbekiston aholisining manfaatlari yo‘lida qaytarish va ulardan samarali foydalanish maqsadida tashkil etilgan. Jamg‘arma resurslarini taqsimlashning birinchi bosqichida sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalariga 87 million dollar yo‘naltirilgan. Bu mablag‘lar onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, perinatal yordamni yaxshilash hamda o‘qituvchilarning raqamli ko‘nikmalarini rivojlantirishga sarflangan.
2022-yil avgust oyida O‘zbekiston va Shveytsariya qariyb 131 million dollarlik aktivlarni qaytarish bo‘yicha dastlabki kelishuvni imzolagan edi. 2025-yil fevralida esa qariyb 182 million dollarni qaytarish bo‘yicha yana bir bitim tuzilgan. Yangi kelishuv bilan qaytarilishi belgilangan 252,5 million dollar ham ushbu jarayonning navbatdagi bosqichi hisoblanadi.



