O‘zbekistonda Yaponiya vizasi uchun hujjat topshirish tartibi vaqtincha o‘zgardi
1 daqiqa o‘qiladi

Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi viza olish uchun hujjatlarni topshirishga oldindan onlayn yozilish xizmatini vaqtincha to‘xtatdi. Bunga elektron tizimga bir necha marta ruxsatsiz kirishga urinishlar aniqlangani sabab bo‘lgan.
Tizimdagi nosozlik tafsilotlari ochiqlanmadi
Elchixona yuz bergan holatlar haqida batafsil ma’lumot bermagan. Diplomatik vakolatxona vaziyatni nazorat qilib borayotganini va onlayn xizmat xavfsiz ishlashi ta’minlanganidan so‘ng hujjat topshirish uchun mavjud sanalarni bosqichma-bosqich qayta ochishini bildirdi.
Shu bilan birga, elchixona onlayn ro‘yxatdan o‘ta olmagan fuqarolarning bu masala yuzasidan telefon yoki elektron pochta orqali yuboradigan murojaatlari ko‘rib chiqilmasligini ma’lum qildi.
Kimlar elektron pochta orqali murojaat qilishi mumkin?
Onlayn yozilish xizmati vaqtincha ishlamayotgan bo‘lsa-da, ayrim toifadagi arizachilar uchun elektron pochta orqali hujjat topshirish sanasini belgilash imkoniyati saqlab qolingan.
Bunday tartib quyidagi ikki toifadagi shaxslarga taalluqli:
- Yaponiyada yashash maqomini tasdiqlovchi sertifikat (Certificate of Eligibility — COE) olganlar;
- O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining verbal notasiga ega bo‘lganlar.
Ushbu toifadagi arizachilar tegishli hujjatlarni visa@ts.mofa.go.jp elektron pochta manziliga yuborishi kerak. Elchixona hujjatlarni ko‘rib chiqqach, viza olish uchun ariza topshirish sanasi haqida xabar beradi.



