O‘zbekiston va Iordaniya strategik sheriklik o‘rnatdi: 19 ta hujjat imzolandi
O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha qator kelishuvlarga erishildi. Davlat tashrifi doirasida ikki mamlakat strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida bitim imzoladi. Hamkorlik savdo, investitsiya, energetika, sanoat, raqamli texnologiyalar va boshqa ko‘plab yo‘nalishlarni qamrab oladi.
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Iordaniya Hoshimiylar podshohi Abdulla II ibn al-Husayn ishtirokida ikki mamlakat o‘rtasida imzolangan hujjatlarni almashish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda, avvalo, O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar hamda hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan qo‘shma bayonot qabul qilindi. Shuningdek, strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Ushbu hujjatlar davlatlararo aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Hamkorlikning yangi yo‘nalishlari belgilandi
Kelishuvlar doirasida imtiyozli savdo, jinoiy ishlar bo‘yicha o‘zaro huquqiy yordam, madaniyat va madaniy ijodkorlik sanoati, milliy kutubxonalar, hujjatlar va arxivlar sohalarida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha bitimlar hamda anglashuv memorandumlari imzolandi.
Bundan tashqari, atrof-muhitni muhofaza qilish, energetika va suv resurslarini boshqarish yo‘nalishlarida ham o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan hujjatlar rasmiylashtirildi.
Tomonlar iqtisodiy diplomatiya, tog‘-kon sanoati va geologiya, uy-joy qurilishi va shaharsozlik, raqamlashtirish va axborot texnologiyalari sohalarida ham aloqalarni kengaytirishga kelishib oldi. Shuningdek, oziq-ovqat va dori-darmon mahsulotlari nazorati, sog‘liqni saqlash xizmatlari hamda chorvachilik yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Toshkent, Amman, Samarqand va Petra o‘rtasida aloqalar rivojlantiriladi
Hujjatlar almashinuvida mintaqalararo hamkorlik masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, Toshkent va Amman shaharlari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish to‘g‘risidagi bitim almashildi.
Shuningdek, Samarqand shahri va Iordaniyadagi Petra turizm mintaqasi o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan hujjat qabul qilindi.
Umuman, davlat tashrifi doirasida O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasida jami 19 ta ikki tomonlama hujjat qabul qilindi va imzolandi.
Ushbu kelishuvlar ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish, shuningdek, o‘zaro manfaatli qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutadi.


