Juma, 23-oktabr, 2026
Havo 82 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +11° kechasi +8°

Gretsiyada talabalar va o‘qituvchilar hukumat siyosatiga qarshi namoyishga chiqdi

Gretsiya poytaxti Afinada minglab talabalar va o‘qituvchilar yashash xarajatlarining oshishi, talabalar uchun arzon turar joylar yetishmasligi hamda ta’lim tizimidagi muammolarga qarshi namoyish o‘tkazdi.

1 daqiqa o‘qiladi

Gretsiyada talabalar va o‘qituvchilar hukumat siyosatiga qarshi namoyishga chiqdi
Foto: Reuters

Namoyishchilar davlatdan ta’lim sohasiga ko‘proq mablag‘ ajratish va talabalar uchun hamyonbop uy-joylar yaratishni talab qildi. Yoqilg‘i narxining oshishi, maktablarning holati va talabalar turar joylari bilan bog‘liq muammolar Yevropaning bir qator mamlakatlarida noroziliklarga sabab bo‘lmoqda. Gretsiya shaharlaridan tashqari, Fransiya, Italiya va Albaniyada ham namoyishlar o‘tkazilgan.

Afinadagi namoyishda qatnashgan talabalarning aytishicha, oyiga 120 yevro miqdoridagi ijara subsidiyasi uy-joy xarajatlarini qoplash uchun yetarli emas. Bundan tashqari, ushbu to‘lov yil oxirida beriladi. Shuningdek, o‘qituvchilar ham chorshanba kuni ish tashlash e’lon qildi. Ular yashash xarajatlarining ortishi va maktablardagi sharoitning yomonlashganidan norozi bo‘lishgan hamda ko‘plab oilalar oylik daromadini oy oxirigacha yetkazishda qiynalayotganini, ta’lim muassasalaridagi vaziyat esa yildan yilga yomonlashayotganini ta’kidlamoqda. 

Namoyishlar vaqtida poytaxtga 3 mingdan ortiq politsiyachi safarbar etilgan. Asosiy yurish tinch yakunlangan bo‘lsa-da, shaharning boshqa qismida to‘qnashuvlar kuzatilgan. Politsiya 21 kishini tekshiruv uchun ushlab turdi.