$
 11797.92
-15.29
 13739.86
20.0
 138.00
1.29
weather
+26
Кечаси   +14°

Xorijdan qaytgan o‘zbekistonliklarga biznes boshlash uchun 60 mln so‘mgacha grant beriladi

Aeroportdagi odam

Xorijda ishlab, O‘zbekistonga qaytgan fuqarolar uchun tadbirkorlik faoliyatini boshlash yoki mavjud biznesini kengaytirishga qaratilgan yangi imkoniyat yaratildi. Migratsiya agentligi bunday fuqarolarning loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun grantlar ajratadi.

Mazkur dastur Xalqaro migratsiya tashkiloti bilan hamkorlikda hamda Shvetsiya Adliya vazirligining moliyaviy ko‘magida amalga oshirilmoqda. Loyihaning asosiy maqsadi mehnat migrantlari orasida tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish va ularning biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

Bir loyiha uchun ajratiladigan grant miqdori 60 mln so‘mgacha etadi.

Grant mablag‘lari tanlov asosida beriladi. Nomzodlarning loyihalarini baholashda biznesni rivojlantirishga qaratilgan aniq va asoslangan g‘oya, yangi ish o‘rinlari yaratish imkoniyati, shuningdek, korxonaning barqarorligi va samaradorligiga alohida e’tibor qaratiladi.

Kimlar tanlovda qatnashishi mumkin?

Dasturda 2025–2026-yillarda xorijda mehnat qilgan va keyinchalik O‘zbekistonga qaytgan fuqarolar ishtirok etishi mumkin. Tanlovda ayollarning ishtirokiga ham alohida e’tibor qaratiladi. Arizalar 21-sentabrgacha qabul qilinadi.

Buyuk Britaniyada ishlayotganlar uchun ham alohida dastur

Shuningdek, Migratsiya agentligi Buyuk Britaniyada mehnat qilayotgan o‘zbekistonliklar uchun ham shunga o‘xshash grant dasturini ishga tushirmoqda.

Unda 2024–2026-yillarda Buyuk Britaniyaning mavsumiy ishchilar sxemasida — Seasonal Workers Scheme — qatnashgan fuqarolar ishtirok etishi mumkin. Grant dasturida qatnashadigan nomzodlar Toshkent shahrida bir kunlik intensiv treningdan o‘tadi.

Nomzodlardan qanday hujjatlar talab etiladi?

Grant olishni istaganlar biznes-reja taqdim etishi hamda tadbirkorlik tajribasini tasdiqlovchi hujjatlarni topshirishi kerak.

Bundan tashqari, nomzodlar dastur ularning turmush sharoitiga qanday ta’sir ko‘rsatganini o‘rganish maqsadida keyingi ikki yil davomida Xalqaro migratsiya tashkiloti bilan hamkorlik qilishga tayyorligini tasdiqlashi lozim.

Buyuk Britaniyada ishlagan fuqarolar grant uchun arizani 20-sentabrdan kechiktirmay topshirishi mumkin.

Теги :
Jamiyat