$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Endi energiya sigʻimi eng yuqori va eng past boʻlgan tashkilotlarning “10 taligi” OAVda yoritib boriladi

energy

Prezident matbuot xizmatining xabar berishicha, Energetika vazirligi tashkilotlar rahbarlari uchun energiya samaradorligi KPIlarini belgilaydi.

Elektr va gazdan foydalanish qoidalarini buzgan isteʼmolchilarga amaldagi tarifga oʻsuvchi koeffitsiyentni qoʻllagan holda qayta hisoblash taklif etilmoqda.

Energiya auditi

Shavkat Mirziyoyev 30-may kuni iqtisodiyot tarmoqlarida energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar bilan tanishdi.

Hududlarda elektr energiyasi va tabiiy gazni tejash boʻyicha isteʼmolchilarni energiya auditidan oʻtkazishning yangi tartibi joriy etilmoqda.

Unga koʻra, energiya auditi faqat xalqaro standartlar asosida oʻtkaziladi. Tashkilot va korxonalar tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan chora-tadbirlar ishlab chiqiladi va ijrosi nazorat qilinadi. Bu borada shaffoflikni taʼminlash uchun energiya auditi xulosalari va undan keyin erishilgan natijalar yillik biznes-rejalariga kiritilib, kuzatuv kengashida tasdiqlanadi.

Har bir tashkilotga KPI

Har bir tashkilot rahbarlariga energiya samaradorligi boʻyicha KPI joriy etiladi. Isteʼmolchilar tomonidan elektr va gazdan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun amaldagi tarifga oʻsuvchi koeffitsiyentni qoʻllagan holda qayta hisob-kitob qilish tartibi belgilanishi mumkin.

Jarima qoʻllash masalasi

Shuningdek, isteʼmolchilar tomonidan majburiy energiya auditi oʻtkazish natijasida belgilangan chora-tadbirlarni muddatida bajarilmasligi, ularning bajarilishidan iqtisod qilinishi kutilgan yoqilgʻi-energetika resurslari qiymati miqdorida jarima qoʻllash tartibini joriy qilish masalasi oʻrganilmoqda.

Energiya isteʼmoli reytingi

Tashkilotlar, hududlar va koʻchmas mulk obyektlari kesimida energiya isteʼmoli reytingini joriy etish taklifi bildirildi. Bunda Energetika vazirligi tomonidan energiya sigʻimi eng yuqori va eng past boʻlganlarning “10 taligi” yuritilib, OAVda yoritib boriladi.

Davlat rahbari taqdim etilgan takliflarni aloqador vazirlik va idoralar bilan birgalikda puxta ishlab chiqish, koʻrsatkichlarni xalq deputatlari mahalliy kengashlari muhokamasiga kiritish maqsadga muvofiqligini taʼkidladi.

Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik

Shuningdek, yigʻilishda joriy yilgi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi. Prezident mutasaddilarga tayyorgarlik ishlarini hozirdan boshlash va zarur ishlarni oʻz vaqtida amalga oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Xususan, elektr va issiqlik stansiyalari uzluksiz va barqaror ishlashi uchun zarur yoqilgʻi resurslari, butlovchi va ehtiyot qismlarning zaxiralarini shakllantirish, energetika infratuzilmasini taʼmirlash va modernizatsiya qilish belgilandi.

Davlat idoralarida energiya menejeri

Mart oyi boshida barcha davlat idoralarida energiya menejeri lavozimini joriy etish rejalashtirilayotgani maʼlum qilindi. Amaldagi rahbar oʻrinbosarlaridan biriga energiya samaradorligi va energiya tejamkorligi boʻyicha vazifalar yuklatiladi.