Dunyoda ocharchilik xavfi kuchaymoqda: 16 ta hududda oziq-ovqat inqirozi chuqurlashishi mumkin
BMT tashkilotlari kelgusi olti oyda millionlab odamlar oziq-ovqat tanqisligiga duch kelishi mumkinligidan ogohlantirdi. Qurolli mojarolar, iqlim o‘zgarishlari, mahsulotlar narxining oshishi va insonparvarlik yordami hajmining kamayishi vaziyatni yanada murakkablashtirmoqda.
3 daqiqa o‘qiladi

BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti hamda Jahon oziq-ovqat dasturi 2026-yil dekabridan 2027-yil mayigacha dunyoning 16 ta hududida oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq vaziyat keskin yomonlashishi mumkinligini ma’lum qildi. Bu haqda tashkilotlarning 27-noyabr kuni e’lon qilingan qo‘shma hisobotida so‘z boradi.
Eng og‘ir vaziyat kuzatilayotgan hududlar
Hisobotda eng og‘ir vaziyat kuzatilayotgan hududlar sifatida Sudan, Janubiy Sudan, Somali, Nigeriyaning shimoliy qismlari va Yaman qayd etilgan. Xususan, Sudan va Janubiy Sudanning ayrim hududlarida ommaviy ocharchilik yuzaga kelishi xavfi mavjud.
Afg‘oniston, Kongo Demokratik Respublikasi, Gaiti va Falastin esa oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha o‘ta yuqori xavf mavjud bo‘lgan hududlar qatoriga kiritilgan.
Yangilangan ro‘yxatga Chad, Ugandaning shimoli-sharqiy qismi, Afrikaning janubiy hududlari hamda Markaziy Amerikaning qurg‘oqchilikdan aziyat chekayotgan mintaqalari ham qo‘shilgan. Natijada oziq-ovqat inqirozi xavfi yuqori bo‘lgan hududlar soni 2026-yil iyunidagi 13 tadan 16 taga yetgan.
El-Nino hodisasi oziq-ovqat ta’minotiga tahdid solmoqda
Vaziyatning og‘irlashishiga ta’sir ko‘rsatayotgan asosiy omillardan yana biri El-Nino iqlim hodisasidir. Mutaxassislar ushbu hodisa kuzatuvlar tarixidagi eng kuchlilaridan biriga aylanishi mumkinligini istisno qilmayapti.
El-Nino ta’sirida havo haroratining ko‘tarilishi va yog‘ingarchilik miqdorining kamayishi qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda. Bu esa nafaqat hozirgi oziq-ovqat ta’minoti, balki kelgusi hosil uchun ham jiddiy xavf tug‘diradi.
Prognozlarga ko‘ra, 2027-yil martiga kelib Zimbabveda 3 million nafargacha, Malavida 2,6 million nafar va Mozambikda 1,8 million nafar aholi keskin oziq-ovqat tanqisligiga duch kelishi mumkin.
Afg‘onistonda 19,2 million kishi oziq-ovqat tanqisligi xavfi ostida
FAO va WFP prognozlariga ko‘ra, Afg‘onistonda 2026-yil noyabridan 2027-yil apreligacha 19,2 million kishi keskin oziq-ovqat tanqisligiga uchrashi mumkin. Ularning 5,1 million nafari esa oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha favqulodda darajadagi inqiroz holatiga tushib qolish xavfi ostida.
Mamlakatdagi vaziyatga bir nechta omil bir vaqtning o‘zida bosim o‘tkazmoqda. Aholi daromadlarining pasayishi va oziq-ovqat mahsulotlari narxining ko‘tarilishi bilan bir qatorda, Pokiston bilan chegaradagi keskinlik ham muammolarni kuchaytirmoqda. Bundan tashqari, afg‘on migrantlarining mamlakatga ommaviy qaytishi va xalqaro insonparvarlik yordami qisqarishi oziq-ovqat ta’minotidagi vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda.
Insonparvarlik yordami uchun ajratilayotgan mablag‘ kamaygan
Hisobotda ocharchilik xavfi eng yuqori bo‘lgan beshta hududda oziq-ovqat yordami va aholining ovqatlanishini qo‘llab-quvvatlash dasturlari uchun ajratilayotgan mablag‘lar sezilarli darajada qisqargani ham qayd etilgan.
Xususan, 2022–2025-yillar davomida ushbu yo‘nalishdagi moliyalashtirish 62 foizga kamaygan. Agar 2022-yilda bu maqsadlar uchun 5,1 milliard dollar ajratilgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib mablag‘ miqdori 2 milliard dollargacha tushgan.
FAO va WFP xalqaro hamjamiyatni vaziyat yanada og‘irlashishining oldini olish uchun zudlik bilan insonparvarlik choralarini ko‘rishga chaqirdi. Tashkilotlar, shuningdek, yordamga muhtoj aholiga oziq-ovqat va boshqa zarur ko‘mak vositalarini yetkazishda hech qanday to‘siq bo‘lmasligini ta’minlash muhimligini ta’kidladi.



