$
 12928.27
18.47
 13462.21
46.35
 129.66
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

Oʻzbekistonning Rossiyadan qarzi 41,3 million dollarga koʻpaydi

davlat qarzi

Rossiya 2023-yil boshqa mamlakatlarga kredit berish hajmini sezilarli oshirib, 30 milliard dollardan ortiq ko‘rsatkichga erishdi. Bu 1999-yildan beri qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkichdir. Ushbu ma’lumotlar Jahon banki tahlillari asosida aniqlandi.

Eng koʻp kredit qaysi davlatlarga berilgan?

Eng ko‘p kreditlar Misr, Bangladesh va Hindistonga berilgan. Chet davlatlarning Rossiya oldidagi qarzi 2023-yilda 1,3 milliard dollarga oshib, jami 30,1 milliard dollarni tashkil etgan. Qarz miqdori bundan oldin faqat 1999-yilda 32,8 milliard dollar bo‘lgandi.

Eng yirik qarzdor Belarus bo‘lib qolmoqda — uning qarzi 7,75 milliard dollarni yoki Rossiya bergan barcha kreditlarning chorak qismini tashkil etadi. Ikkinchi o‘rinda 6,6 milliard dollar (22 foiz) bilan Bangladesh tursa, uchinchi o‘rinni 4,1 milliard dollar (14 foiz) bilan Hindiston egallagan. Beshinchi o‘ringa Misr (3,3 milliard dollar, 11 foiz) va Vyetnam (1,4 milliard dollar, 5 foiz) kiradi.

O‘tgan yili eng ko‘p qarz olgan mamlakat Misr bo‘ldi — uning majburiyatlari biryo‘la 1,45 milliard dollarga oshdi. Bangladeshning qarzi 745 million dollarga, Hindistonniki esa 363 million dollarga ko‘paydi. O‘zbekistonning qarzdorligi 41,3 million dollarga, Afg‘onistonniki esa 19,9 million dollarga o‘sdi.

O‘tgan yili yangi qarzdor davlat — Nikaragua paydo bo‘ldi. U 2003-yildan buyon ilk bor Rossiyadan 16,9 million dollar miqdorida qarz oldi.

Qarzi kamaygan davlatlar

Shu bilan birga, bir qator davlatlarning Rossiya oldidagi qarzlari kamaydi. Bu borada Somali yetakchilik qilmoqda, chunki Rossiya uning deyarli barcha qarzini kechgan: agar 2022-yil oxirida mamlakat 703 million dollar qarzdor bo‘lgan bo‘lsa, o‘tgan yil oxiriga kelib bu miqdor atigi 49 million dollargacha tushdi.

Bundan tashqari, Belarusning qarzi 487 million dollarga, Serbiyaning qarzi 117 million dollarga, Armanistonning qarzi 40 million dollarga, Ozarbayjonning qarzi esa 22 million dollarga kamaydi. Yana 10 ta davlat Rossiya oldidagi 82 million dollarlik qarzini to‘liq to‘ladi.