$
 12875.06
13.23
 13406.80
-90.4
 124.75
-0.72
weather
+26
Кечаси   +14°

Kripto-aktivlar uchun belgilangan davlat boji jahon tajribasiga qanchalik mos?

kripto aktivlar

O‘zbekistonda kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini amalga oshirishga litsenziyalar berilgani uchun davlat boji miqdorlari belgilangandi. Istiqbolli loyihalar milliy agentligi boj miqdori yuqori ekanligi bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlardagi fikrlarga munosabat bildirdi.

Miqdor qancha?

Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini amalga oshirishga litsenziyalar berilgani uchun davlat boji miqdorlari to‘lash sanasida amalda bo‘lgan bazaviy hisoblash miqdorining quyidagi baravarlarida belgilandi (amalda BHM 375 ming so‘m):

  • kripto-birja uchun – 73 400 (27,525 milliard so‘m);
  • mayning-pul uchun – 3 000 (1,125 milliard so‘m);
  • kripto-depozitariy uchun – 7 000 (2,625 milliard so‘m);
  • kripto-do‘kon uchun – 3 700 (1,3875 milliard so‘m).

Jahon tajribasida qanday?

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi munosabatida aytilishicha, ushbu miqdorlar jahon tajribasini hamda ushbu sohada faoliyat yuritib kelayotgan xalqaro kompaniyalar (xalqaro kriptobirjalar) va mutaxassislarning (jumladan, Yevropa ittifoqi mamlakatlaridan) tavsiyalarini o‘rgangan holda belgilangan.

“Ushbu miqdorlar kriptoaktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyati turidan kelib chiqib, shuningdek, mamlakat hududiga har xil turdagi firibgarlik loyihalari tashkilotchilarining kirib kelishiga to‘siq bo‘lib xizmat qilishi sifatida belgilangan”, deyiladi agentlik munosabatida.

Agentlik misol tariqasida Estoniyani keltirdi. Ushbu davlatda 2017-yildan boshlab kripto-aktivlar bilan faoliyatni amalga oshiruvchi qariyib 1,5 mingdan ortiq kompaniyalarga litsenziya narxi xizmat turidan kelib chiqib, 1 000-1 500 dollar oralig‘ida belgilangan. Biroq 2019-yilga kelib, Estoniya moliya institutlari orqali jinoiy daromadlarni legallashtirish bilan bog‘liq bo‘lgan holatlar aniqlangandan so‘ng, hukumat kripto-aktivlar bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar uchun talablarni kuchaytirgan. Natijada 500 dan ortiq litsenziyalar bekor qilingan hamda 2020-yilga kelib kripto-bozorda faqatgina bir necha yuz kompaniyalargina qolgan.

Kripto-aktivlar uchun to‘siq yo‘q

Qayd etilishicha, bugungi kunda O‘zbekiston hududida kriptoaktivlar aylanmasi sohasi to‘liq tartibga solingan, jismoniy va yuridik shaxslar uchun kriptoaktivlar bilan operatsiyalarni (sotib olish, sotish, chiqarish va boshqa) amalga oshirish uchun hech qanday to‘siqlar mavjud emas.

“Ushbu sohada amalga oshirilgan barcha ishlarning natijasi sifatida 2024-yilda mamlakatimiz kripto-aktivlar sohasidagi xalqaro reytinglarda 151 mamlakat ichida nufuzli 33-o‘rinda, Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida esa 1-o‘rindaligini keltirish lozim”, deyiladi agentlik xabarida.

Litsenziya olgan 1-tashkilot

2019-yil dekabr oyida Kobea Group O‘zbekistonda kriptobirja faoliyatini yuritish uchun litsenziya olgan birinchi tashkilot bo‘lgandi. 

2023-yil 1-yanvardan e’tiboran O‘zbekiston fuqarolari va yuridik shaxslar kripto-aktivlar bilan bog‘liq operatsiyalarni faqat milliy provayderlar orqali amalga oshirilishi belgilangan.

2024-yil yanvarida O‘zbekistonda kriptoaktivlarni qonunga xilof ravishda olganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilandi. Kriptoaktivlarni qonunga xilof ravishda olish, o‘tkazish yoki ayirboshlash, litsenziya olmasdan kriptoaktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini amalga oshirish 15 sutkagacha maʼmuriy qamoqqa olishga yoki maʼmuriy qamoq qo‘llanilishi mumkin bo‘lmagan shaxslarga BHMning 20 baravaridan 30 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. Bunda kriptoaktivlarni hamda mazkur huquqbuzarliklarni sodir etish qurollari musodara qilinadi.

Теги :
Jamiyat
Iqtisodiyot