$
 11813.09
-7.39
 13677.20
-88.93
 135.61
-1.9
weather
+26
Кечаси   +14°

Endi bolalar operatsiyasi uchun Hindiston yoki Turkiyaga borish shart emas: Toshkentdagi $130 millionlik markaz nimalarga qodir?

BTM

O‘zbekistonda eng og‘ir xastalikka chalingan bolalar hayotini saqlab qolishga qodir noyob tibbiyot loyihasi borligini bilarmidingiz? Ilgari murakkab va og‘ir xastaliklar tufayli chorasiz qolgan ota-onalar uchun yagona yo‘l farzandini xorijiy shifoxonalarga olib borish edi. Bugun esa bu kurash o‘zimizda — zamonaviy texnologiyalar va mahalliy tajribali mutaxassislar qo‘lida muvaffaqiyatli kechmoqda. Qiymati 130 million dollardan ziyod bo‘lgan Bolalar milliy tibbiyot markazi ana shunday og‘ir damlarda oilalarga najot va umid bag‘ishlaydigan asosiy maskanga aylandi.

Seul standartlaridan poytaxt xaritasigacha

Ushbu muassasaning poydevori 2017-yilda qo‘yilgan bo‘lib, u uch yil davomida Koreya Respublikasining Iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik fondi (EDCF) ko‘magida, to‘liq Janubiy Koreya texnologiyalari asosida barpo etildi. 2020-yilning may oyidan ish boshlagan ushbu to‘rtinchi darajali mega loyiha bugungi kunda Markaziy Osiyoda faqat bolalarga xizmat ko‘rsatadigan ko‘p tarmoqli yagona tibbiyot majmuasi sanaladi.

Markaz 280 o‘ringa mo‘ljallangan to‘rt qavatli davolash korpusi hamda kuniga 250 nafar bemorni qabul qilish quvvatiga ega poliklinikadan iborat. Muassasa diagnostika va davolash borasida quvvatli texnik bazaga tayanadi.

Xususan, muassasada Magnit-rezonans tomografiya (MRT), multispiral kompyuter tomografiyasi (MSKT), DNK analizatori hamda onkologik kasalliklarni bir necha yil avval aniqlash imkonini beruvchi molekulyar diagnostika tizimi kabi ilg‘or texnologiyalar o‘rnatilgan. Shu bilan birga, markaz O‘zbekiston davlat tibbiyot tizimida birinchi bo‘lib AQShning nufuzli Joint Commission International (JCI) akkreditatsiyasidan o‘tdi hamda dunyo bo‘yicha ushbu yuqori darajaga ega 1082-klinika sifatida qayd etildi.

O‘zimizda o‘tkazilayotgan noyob operatsiyalar

Tashkil etilganidan buyon o‘tgan davr mobaynida markazda ilgari O‘zbekistonda hech qachon bajarilmagan 100 dan ortiq yangi turdagi murakkab jarrohlik amaliyotlari yo‘lga qo‘yildi. Ular orasida suyak ko‘migi va jigar transplantatsiyasi, laparoskopik usulda buyrak ko‘chirib o‘tkazish, periferik qondan o‘zak hujayralarni ajratib olish hamda a’zolarni saqlab qolgan holda o‘smalarni endoskopik olib tashlash kabi murakkab operatsiyalar mavjud.

Ilgari fuqarolar bunday amaliyotlar uchun Hindiston, Turkiya, Malayziya, Yevropa va AQSh kabi davlatlarga borishga majbur bo‘lishardi. Xorijda birgina operatsiya narxi 30 mingdan 200 ming dollargacha baholanishini inobatga olsak, 1000 dan ortiq shunday amaliyotning mamlakatimizda o‘tkazilishi natijasida 40-50 million dollar mablag‘ o‘zbekistonliklar cho‘ntagida qoldi hamda sarsonchiliklarga barham berildi.

Raqamlar ortidagi qutqarilgan taqdirlar

Markazda ko‘rsatilayotgan yuqori texnologik xizmatlar ko‘lami yildan-yilga kengayib bormoqda. Masalan, 2025-yilda 6 350 ta murakkab operatsiya o‘tkazilgan bo‘lsa, 2026-yil yakuniga kelib bu ko‘rsatkich 7 000 taga yetkazilishi kutilmoqda. Eng muhimi, tibbiy yordam faqat poytaxt bilan cheklanib qolmayapti.

Xususan, maxsus mobil uskunalar to‘plami yordamida hatto chegaradosh va olis tumanlarning o‘zida vazni 10 kilogrammdan kam bo‘lgan go‘daklar yuragida murakkab kardioxirurgik amaliyotlar o‘tkazilmoqda. Shu bilan birga, hududlarda kadrlar tayyorlash va tibbiyotni rivojlantirish maqsadida Qoraqalpog‘istonda ham yangi bolalar markazi noldan barpo etilib, Xorazm, Navoiy va Buxoro kabi Orolbo‘yi hududlari uchun mahalliy shifokorlar tayyorlash hamda og‘ir amaliyotlarni joyida o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi. Klinika imkoniyatlari sababli bugun nafaqat O‘zbekiston viloyatlaridan, balki qo‘shni Qirg‘iziston va Tojikistondan ham xastalikka chalingan bolalar davolanish uchun Toshkentga kelishmoqda.

Xalqaro e’tirofga ega shifokorlar jamoasi

Markaz jarrohlari va mutaxassislari Janubiy Koreyaning Pusan milliy universiteti, Asan tibbiyot markazi hamda AQShning yetakchi klinikalarida malaka oshirib qaytgan. Laboratoriya va bo‘limlar faoliyati to‘liq xalqaro litsenziyaga ega mutaxassislar tomonidan boshqarilmoqda.

Xalqaro standartlar, ilg‘or uskunalar va yuqori malakali shifokorlar mehnati bir nuqtaga jamlangani sababli, Bolalar milliy tibbiyot markazi bugun mamlakatimizda yosh avlod salomatligini saqlash va yangi O‘zbekiston tibbiyotining salohiyatini namoyon etishda yetakchi platformaga aylandi.