$
 12739.95
7.39
 14191.03
9.5
 139.14
-0.23
weather
+26
Кечаси   +14°

Boysundagi zaharli gaz sizib chiqayotgan konda brifing o‘tkazilmoqda

Boysundagi gaz koni

Kecha vodorod sulfidi sizib chiqqan konda bugun jurnalistlar uchun brifing o‘tkazilmoqda. Bu haqdagi xabar Surxondaryo viloyati hokimliginingtelegram kanaliga joylandi. Xabarda bugun, 18-sentyabr kuni soat 18:00 da Boysun tumanida joylashgan “Mustaqillikning 25 yilligi” konidagi vaziyat haqida brifing bo‘lib o‘tishi aytilgan.

Kecha konda 4 kishi halok bo‘ldi

Brifingda Favqulodda vaziyatlar vaziri general mayor Abdulla Qo‘ldoshev, Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovlar ishtirok etishi qayd etilgan.

Eng qizig‘i, tadbir joyi Boysun tumani, “Ko‘lqamish” MFY hududi, “Mustaqillikning 25 yilligi” koni etib belgilangan. Konda kechagina portlash yuz berib, 4 kishi (ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga ko‘ra 6 nafar) halok bo‘lgan, tan jarohati olganlar bo‘lishi ham mumkin. Halok bo‘lganlar konda ishlagan pudratchi tashkilot xodimlari bo‘lgan.

Gaz qanchalik zararli?

Ma’lumot uchun, vodorod sulfid – bevosita asab tizimiga ta’sir qiluvchi zaharli gaz hisoblanadi. U hid bilish nervini falaj qilish xususiyatiga ega, buning oqibatida odam bu gazning hidini sezmay qoladi. Bu ko‘pincha toksik manba bilan aloqani o‘z vaqtida aniqlash va to‘xtatish qobiliyati yo‘qligi tufayli kuchli zaharlanishga olib keladi. 

Kam miqdordagi vodorod sulfidi bo‘lgan havodan nafas olish bosh aylanishi, bosh og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi, qayt qilishga, yuqori konsentratsiya esa koma, tutqanoq, o‘pka shishi va o‘limga olib kelishi mumkin.

Aslida nima bo‘lgan edi?

Eslatib o‘tamiz, 1-sentyabr kuni Surxondaryoning Boysun tumani “Ko‘lqamish” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan “Mustaqillikning 25 yilligi” koniga qarashli 604-son quduqda burg‘ilash ishlarini olib borish vaqtida texnologik jarayonning buzilishi natijasida oltingugurt (vodorod sulfid) gazi chiqishi boshlangan edi.

2-sentyabrga o‘tar kechasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi quduq yaqinidagi aholi evakuatsiya qilingani, vaziyat to‘liq nazoratga olingani, vahimaga o‘rin yo‘qligi haqida bayonot bergandi. Biroq aholi oltingugurt gazi chiqishi hamon davom etayotgani, internetdagi guruhlarda quduq og‘zidan gaz chiqishi davom etayotganini tasdiqlovchi videoxabarlar qoldirilgan edi.

Теги :
Жамият