$
 12171.61
-24.39
 14117.85
-23.41
 149.80
-1.94
weather
+26
Кечаси   +14°

Yana bir dehqon bozori o‘rnida osmono‘par binolar quriladi

Beshyog‘och

Turkiya kompaniyasi Toshkent shahrida joylashgan “Beshyog‘och” dehqon bozori o‘rnida yirik biznes markazini qurishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Chilonzor tumani matbuot xizmati xabar berdi.

Bozor o‘rnida “Skyvision” kompleksi

Tuman hokimi o‘rinbosari Abduhamid Abduqodirov, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ma’sullari bilan Turkiyaning “Albil Merkez Hizmetler ve Ticaret Anonim Sirketi” — “Albayrak Holding” kompaniyasi vakillari o‘rtasida muzokoralar olib borildi.

Unda Turkiya tomoni “Beshyog‘och” dehqon bozori o‘rnida qurilishi belgilanayotgan “Skyvision” kompleksi loyihasini taqdim etdi.

Loyihada qanday binolar qad rostlaydi?

Loyiha taqdimotidan e’lon qilingan slaydga ko‘ra, majmuaga 4 ta ko‘p qavatli bino kiradi: ikkita turar joy binosi (“Crown Residence”), bitta tijorat osmono‘par binosi (“Skyscraper”) va aralash bino (“Wave Residence & Office”).

Hokimlik “Albayrak Holding” kompaniyasi vakillari bilan muzokoralar davom etishini bildirgan.

Prezident topshirig‘i

Ma’lumot uchun, Mirziyoyev 2024-yil boshida tarixiy shaharlardagi bozorlarni rekonstruksiya qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Buning uchun Turkiya va arab mamlakatlari tajribasini o‘rganish, loyihalashtirishga xorijiy mutaxassislarni taklif etish muhimligi qayd etildi.

Shundan so‘ng, poytaxtdagi ikki yirik dehqon bozorlari rekonstruksiya loyihasiga tushdi.

“Askiya”ning “askiyalari”

Noyabr oyida Yakkasaroy tumani hokimligi “Askiya” dehqon bozorini rekonstruksiya qilish loyihasini taqdim etgandi. Undan keyin bozor bino-inshootlari bilan auksionga qo‘yilgan. Natijada auksion atigi 15 daqiqa davom etgan va birgina taklif kiritilgandan soʻng yakunlangan. Uni Xitoyning “Sheng-Ke International” kompaniyasi amalga oshirib, boshlangʻich narxdan 5 foiz yuqori boʻlgan 225,59 mlrd. soʻmlik taklifni bergan.

Ta’sischisi Qozog‘iston kompaniyasi

Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat reyestri maʼlumotlariga koʻra, ushbu nomdagi firma shu yilning may oyida tashkil etilgan va ixtisoslashtirilgan qurilish ishlari bilan shugʻullanadi. Ustav kapitali 68 mlrd. soʻm boʻlgan kompaniyaning yagona taʼsischisi Qozogʻistondan boʻlgan xuddi shu nomdagi MCHJ, rahbari esa – Chen Maysyuan.

Yunusobod dehqon bozori o‘rnida ekobozor quriladi(mi?)

Bundan tashqari, dekabr oyida prezidentga Yunusobod dehqon bozori o‘rnida uch qavatli ekobozor qurish rejalalari taqdim etildi.

Unga ko‘ra, bozor kengayishiga esa joy yo‘qligi, muntazam tirbandliklar kuzatilishi qayd etilgandi. Uni yangi konsepsiya asosida yuqoriga “o‘stirish”, savdo o‘rinlari va qulayliklarni ko‘paytirish rejalashtirilgan.

Loyiha doirasida bozorning asl ko‘rinishi saqlab qolinadi va hozirgisi o‘rnida uch qavatli ekobozor quriladi. Uning yonida qo‘shimcha savdo markazi hamda zargarlik uyi barpo etiladi. Bu binolarning yerosti qismida mingdan oshiq avtomobil sig‘adigan turargoh bo‘ladi. 

Теги :
Jamiyat