$
 12933.16
-14.94
 14719.23
23.14
 158.28
1.35
weather
+26
Кечаси   +14°
textileads

Yangi ish oʻrinlari va qulayliklar: Shavkat Mirziyoyev Yunusobod ekobozori taqdimoti bilan tanishdi

Mirziyoyev

Shavkat Mirziyoyev 11-dekabr kuni qurilish va obodonlashtirish loyihalari taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Yunusobod ekobozori loyihasi

Taqdimotda Toshkent shahridagi Yunusobod dehqon bozorini kengayishiga joy yo‘qligi, uni zamonaviy konsepsiya asosida yuqoriga "o‘stirish", savdo o‘rinlari va qulayliklarni ko‘paytirish rejalari namoyish etildi. Loyihaga ko‘ra, avvalo, asliyat saqlab qolinib, hozirgisining o‘rnida uch qavatli ekobozor quriladi. Uning yonida qo‘shimcha savdo markazi hamda zargarlik uyi barpo etiladi. Eng muhimi, ushbu binolarning yerosti qismi mingdan oshiq avtomobil sig‘adigan turargoh bo‘ladi. Jami 4-5 ming ish o‘rni ochiladi. Mutasaddilarga bular sababli bozor faoliyatini to‘xtatib qo‘ymaslik, qurilishni bosqichma-bosqich amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Abdulla Qodiriy, “Do‘stlik” va “Navro‘z” bog‘lari

Bundan tashqari, poytaxtdagi Abdulla Qodiriy bog‘i obodonlashtiriladi. Relefdan to‘g‘ri foydalanib, yashil hududlar ko‘paytiriladi. Sayr va tomosha joylari, favvoralar, yangi planetariy quriladi. Sayyohlarni jalb qilish uchun gastro-xol tashkil etiladi. Davlat rahbari bog‘da sharoitlarni yaxshilash va an’analarni aks ettirish zarurligini ta’kidladi.

“Do‘stlik” bog‘i ham yangilanadi. Bu yerda sayr yo‘laklari, suv havzalari, dam olish joylari ta’mirlanib, o‘rindiqlar o‘rnatiladi. Oilaviy ko‘ngilochar maskan va bolalar ijod markazi tashkil qilinadi. Yoshlar uchun skeyt maydonchasi, daraxtlar bilan uyg‘un aviariy hamda tomosha charxpalagi quriladi.

Shu yerda joylashgan Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasining ortidagi maydonda milliy madaniyat markazlarining pavilonlarini barpo etish rejalashtirilgan. Ular har bir millatning uyi shaklida bo‘lib, madaniyat va an’analarni ifodalaydi.

“Navro‘z” bog‘ida tashrif buyuruvchilarga sharoitlarni kengaytirish maqsadida mehmonxona, yopiq sport maydonchasi, restoran, konferensiya zali bunyod qilish ko‘zda tutilmoqda.

Nurafshon va Namangandagi Yangi O‘zbekiston bog‘lari

Nurafshon va Namangandagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘lari yonida turizm markazlari tashkil qilinadi. Ularda Sharq bozori, hunarmandchilik joylari, amfiteatr, favvora va boshqa qurilmalar bo‘ladi. Daraxtlar ekilib, yashil hudud kengaytiriladi.

Davlat rahbari loyihalarni sifatli qilish, bog‘larda aholi va turistlar uchun qulay sharoitlarni yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.