Kosmos, energetika va kelishuvlar: Mirziyoyev Rubio bilan uchrashdi
O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda. Ikki davlat o‘rtasidagi savdo yil boshidan buyon 35 foizga oshgan bir paytda, yana 12 milliard dollarlik kelishuvlarga erishildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev AQSh Davlat kotibi Marko Rubio bilan uchrashib, yangi loyihalar, xavfsizlik, sun’iy intellekt va boshqa muhim yo‘nalishlarni muhokama qildi.
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda. Ikki davlat o‘rtasidagi savdo yil boshidan buyon 35 foizga oshgan bir paytda, yana 12 milliard dollarlik kelishuvlarga erishildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev AQSh Davlat kotibi Marko Rubio bilan uchrashib, yangi loyihalar, xavfsizlik, sun’iy intellekt va boshqa muhim yo‘nalishlarni muhokama qildi.
Tramp Mirziyoyevga salom yo‘lladi
19-oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonga tashrif buyurgan AQSh Davlat kotibi Marko Rubioni qabul qildi. Rubio mamlakatimizga “C5+1” formatidagi vazirlar uchrashuvi hamda Amerika–O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashining ikkinchi yig‘ilishida qatnashish uchun kelgan.
Uchrashuv boshida Rubio AQSh Prezidenti Donald Trampning samimiy salomi va ezgu tilaklarini Shavkat Mirziyoyevga yetkazdi.
Tomonlar O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada kuchaytirish, davlat rahbarlari darajasida erishilgan kelishuvlarni amalda bajarish masalalarini muhokama qildi. Shuningdek, AQSh va Markaziy Osiyo davlatlari ishtirokidagi “C5+1” uchrashuvi natijalari yuqori baholandi. Unda mamlakatlar o‘zaro muloqotni kuchaytirish va turli sohalardagi hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanini yana bir bor tasdiqlagan.
AQSh bilan 12 milliard dollarlik yangi kelishuvlar
Uchrashuvda iqtisodiy hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi savdo hajmi yil boshidan buyon 35 foizga oshgani qayd etildi. Hozir ikki davlat fuqaro aviatsiyasi, avtomobilsozlik, konchilik, energetika, qishloq xo‘jaligi, raqamlashtirish va moliya sohalarida yirik loyihalarni amalga oshirmoqda.
Bu hamkorlikni kengaytirishda Amerika–O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi muhim o‘rin tutmoqda. Kengashning 19-oktyabr kuni o‘tgan ikkinchi yig‘ilishida umumiy qiymati 12 milliard dollar bo‘lgan yangi kelishuvlarga erishildi. Tomonlar O‘zbekiston va AQSh hududlari o‘rtasidagi aloqalarni ham rivojlantirish, ikki mamlakat tadbirkorlarining o‘zaro tashriflarini ko‘paytirishga kelishib oldi.
Terrorizmga qarshi kurashdan kosmosgacha
O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi hamkorlik faqat iqtisodiyot bilan cheklanmayapti. Siyosat, xavfsizlik, innovatsiya, texnologiya, ta’lim va madaniyat sohalarida ham aloqalar faollashgan. Ikki mamlakat parlamentlari va davlat idoralari o‘rtasida bevosita muloqot yo‘lga qo‘yilgan. Tadbirkorlar, olimlar va oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik ham kengaymoqda.
Xavfsizlik masalalarida esa terrorizm, ekstremizm, giyohvand moddalar savdosi va noqonuniy migratsiyaga qarshi birgalikda kurashish ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda. Yaqinda O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida Kengaytirilgan strategik sheriklik muloqoti ham yo‘lga qo‘yildi. Uning birinchi yig‘ilishi yakunida bir qator hujjatlar, jumladan, kosmosdan tinch maqsadlarda foydalanishga oid “Artemida” bitimlari imzolandi.
Sun’iy intellekt, muhim minerallar va ta’lim bo‘yicha yangi rejalar
Mirziyoyev va Rubio kelgusida hamkorlikni kengaytirish mumkin bo‘lgan yangi sohalarni ham muhokama qildi. Ular orasida strategik ahamiyatga ega muhim minerallar, energetika, transport, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar bor. Ta’lim va madaniyat sohasidagi aloqalar ham rivojlanmoqda. Hozir Toshkentda Webster universiteti, Amerika texnologiyalar universiteti hamda Kolorado konchilik maktabining kompetensiyalar markazi faoliyat yuritmoqda. O‘zbekistonga kelayotgan amerikalik sayyohlar soni ham ortib bormoqda.
Uchrashuv davomida xalqaro siyosat va Markaziy Osiyo xavfsizligiga oid dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. Yakunda tomonlar O‘zbekiston va AQSh rahbarlari ishtirokida o‘tkazilishi rejalashtirilgan navbatdagi tadbirlarni ko‘rib chiqib, ularni aniq natijalarga yo‘naltirish masalalarini muhokama qildi.




