Seshanba, 20-oktabr, 2026
Havo 86 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
🌤 +16° kechasi +9°

O‘zbek bokschilarining odamgarchiligi Qozog‘istonda e’tirof etilmoqda

Qozog‘istonlik marhum bokschi Bekzat Sattorxonovning onasi intervyulardan birida o‘zbek bokschilarining odamgarchiligini yuqori baholadi. Onaning ta’kidlashicha, o‘zbek bokschilari har yili uni yo‘qlab kelishadi. Bu samimiy e’tirof internetning qozoq segmentida o‘zbek sportchilariga nisbatan iliq fikrlar bildirilishiga sabab bo‘lyapti.

2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbek bokschilarining odamgarchiligi Qozog‘istonda e’tirof etilmoqda

Qozog‘istonlik Olimpiya chempioni marhum Bekzat Sattorxonovning onasi, Sirliko‘l Sattarxonova o‘zbek bokschilarining odamgarchiligi, tarbiyasini yuqori baholadi. Onaning so‘zlariga ko‘ra, o‘zbek bokschilari har yili uni yo‘qlab kelishadi, lekin qozoq bokschilardan deyarli hech kim xabar olmaydi.

Insoniylik bahosi

Internetning qozoq segmentida yana o‘zbek bokschilari trendga chiqdi. Qozog‘istonning Sidney-2000 Olimpiadasida oltin medal sohibi bo‘lgan marhum Bekzat Sattorxonovning onasi Sirliko‘l Sattarxonova yaqinda bergan intervyusida, faqat o‘zbek bokschilari har yili uni yo‘qlab kelishini aytib o‘tdi. “Bizda ayrimlar o‘zbeklarni yomonlayapti-ku, shuncha oltin oldi deb ko‘rolmayapmiz, lekin bu noto‘g‘ri. O‘zbeklar qo‘shnilarimiz va ular nimaga erishsa, o‘z mehnati bilan erishyapti. Bundan tashqari o‘zbeklar o‘tganlarning ruhini qadrlashni ham biladi” — deya qo‘shimcha qilgan marhum chempionning onasi Sirliko‘l Sattarxonova. Ma’lumot uchun, marhum bokschi Sidney-2000 dan 6 oy o‘tib, avtohalokatda vafot etgan edi.

Qozoqlardan munosabat

Bu e’tirof internetning qozoq segmentida katta rezonans keltirib chiqardi deyish mumkin, izohlarda esa qozoq xalqining o‘zbek bokschilariga nisbatan iliq fikrlari qayd etildi. O‘zbek bokschilarining insoniy qadriyatlari faqat sport bilan cheklanib qolmasdan, ularning odob-axloqi va hurmat-ehtiromi ham yuksak baholanmoqda. Internet foydalanuvchilari bu insoniy munosabatni olqishlab, ularning bunday munosabati oltin medallar ortida ham yotganini ta’kidlaydi. Bu voqea o‘zbek va qozoq xalqlari o‘rtasidagi qardoshlik rishtalarini yana bir bor mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Xushnudbek Xudoyberdiyev yozishicha, ushbu intervyu internetda yashin tezligida tarqalmoqda. Izohlarda esa qozoq qardoshlarimiz o‘zbek bokschilarining odamgarchiligini ulug‘lamoqda.

Ayrim izohlar

“O‘zbek xalqi haqidagi fikrlarim keskin o‘zgardi. O‘zbek baurlarim, yaraysizlar!”

“Opa, ular sizdan doim duo olib yurishgan ekan-ku, oltinlarning siri ham shundadir balki, Alloh Sizning duolaringizni qabul qilibdi-da. O‘zbek baurlarimizdan Alloh rozi bo‘lsin.”

“Duo bilan yer ko‘karadi... O‘zbek bokschilariga respekt, o‘shanchun natijasi 5 oltin ekan!!!”

“Bizda o‘zbeklarni yomonlaydigan ahmoqlar bor. Biroq o‘zlari ahmoq ekanligini bilmaydi.”

O‘zbek sport murabbiyi bag‘rikengligi uchun taqdirlangandi

Ma’lumot uchun, Parijdagi Olimpiya o‘yinlarida qirg‘izistonlik bokschi Munarbek Seyitbek o‘g‘liga O‘zbekistonlik murabbiy Akmal Hasanovning yordam bergani ham tarmoqlarda shov-shuvlarga sabab bo‘lgan edi. Jangda Munarbek Seyitbek o‘g‘liga sekundantlik qilgan o‘zbekistonlik murabbiy Akmal Hasanov “Chingiz Aytmatov” medali bilan taqdirlangan, o‘sha vaqti Assol Moldokmatova: “Akmalga insoniyligi hamda birodarlik munosabati uchun rahmat. Biz buni qadrlaymiz, hurmat qilamiz va qoyil qolamiz. Qirg‘izistonga kelishingizni intiqlik bilan kutamiz. Siz barcha maqtov va mukofotlarga loyiqsiz”, — deya minnatdorchilik bildirgan edi.