Parijda qirg‘izistonlik bokschiga sekundantlik qilgan o‘zbekistonlik “Chingiz Aytmatov” medali bilan taqdirlandi
Ma’lum qilinishicha, o‘zbekistonlik murabbiyni “insoniylik, bag‘rikenglik va xalq diplomatiyasining yuksak saviyasi uchun” mukofotlash to‘g‘risidagi qaror 5-avgust kuni qabul qilingan.
2 daqiqa o‘qiladi

Bu haqida 24.kg nashri xabar qilgan.
“Chingiz Aytmatov” medali
Parijdagi Olimpiada o‘yinlarida qirg‘izistonlik bokschi Munarbek Seyitbek o‘g‘liga sekundantlik qilgan o‘zbekistonlik murabbiy Akmal Hasanov “Chingiz Aytmatov” medali bilan taqdirlandi.
“Chingiz Aytmatov nomidagi Issiqko‘l forumi” xalqaro jamoat birlashmasi bosh kotibi Assol Moldokmatovaning ma’lum qilishicha, o‘zbekistonlik murabbiyni "insoniylik, bag‘rikenglik va xalq diplomatiyasining yuksak saviyasi uchun" mukofotlash to‘g‘risidagi qaror 5-avgust kuni qabul qilingan.
O‘zbekistonlik murabbiyning bag‘rikengligi
Parijda o‘tayotgan yozgi Olimpiya o‘yinlarida 4-avgustga o‘tar kechasi qirg‘izistonlik bokschi Munarbek Seyitbek o‘g‘li amerikalik Harvey Jahmalga qarshi chorak final jangini o‘tkazib, yarim finalga chiqqandi. Jang davomida unga O‘zbekiston delegatsiyasidan borgan murabbiy Akmal Hasanov sekundantlik qilgan.
Munarbekning shaxsiy murabbiysi Beganas Sultanbayev esa jangni ekran orqali tomosha qilgan. Tarmoqlarda keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Munarbekning shaxsiy murabbiysi Beganas Sultanbayev akkreditatsiya muammolari sabab Parijga bora olmagan.
Murabbiyning so‘zlariga qaraganda, u Munarbek Seyitbek o‘g‘lini yaxshi tanishini, u O‘zbekistonga yig‘inga tez-tez kelib, o‘zbekistonlik sportchilar bilan birga mashg‘ulotlar olib borganini aytgan.
“Munarbek Olimpiadaga yolg‘iz kelgani uchun biz bilan mashg‘ulot o‘tkazdi. U mendan yordam berishimni iltimos qildi. Qardosh davlatlarimiz do‘stona munosabatlarga ega, biz unga yordam berishdan xursand bo‘ldik. U tarixga kirdi va Qirg‘iziston tarixida boks bo‘yicha birinchi Olimpiada sovrindori bo‘ldi”, — degan Hasanov.
Assol Moldokmatov: “Akmalga insoniyligi hamda birodarlik munosabati uchun rahmat. Biz buni qadrlaymiz, hurmat qilamiz va qoyil qolamiz. Qirg‘izistonga kelishingizni intiqlik bilan kutamiz. Siz barcha maqtov va mukofotlarga loyiqsiz”, — degan.



