$
 11785.30
-9.7
 13695.70
-3.01
 136.13
0.33
weather
+26
Кечаси   +14°

41 ming bitiruvchi ishsiz yuribdi – statistika

Diplom

O‘zbekistonda oliy ta’lim tashkilotlarini yakunlagan yoshlarning mehnat bozoridagi o‘rni va ularning moslashuv jarayoni bo‘yicha batafsil ma’lumotlar ochiqlandi. Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tomonidan yo‘lga qo‘yilgan “Bitiruvchilar sifati indeksi” platformasida e’lon qilingan ko‘rsatkichlar mamlakatimizdagi oliygohlarning samaradorligini va bitiruvchilarning amaliyotdagi muvaffaqiyatini baholash imkonini berdi.

Bandlik natijalari

Agentlik o‘tkazgan keng ko‘lamli tahlilga respublikamizdagi 170 ta oliy ta’lim tashkiloti jalb etilgan bo‘lib, jami 249 ming 432 nafar bitiruvchining mehnat bozoridagi bugungi holati atroflicha o‘rganib chiqildi. Tadqiqot xulosalariga ko‘ra, ularning 206 ming 951 nafari, ya’ni umumiy ulushning 83 foizi muayyan ish o‘rinlariga ega bo‘lib, rasman band deya qayd etilgan.

Ta’limni davom ettirish

Bitiruvchilarning ma’lum bir qismi oliy ta’limni yakunlagach, keyingi bosqichlarda o‘qishni davom ettirishni ma’qul ko‘rgan. Bu ko‘rsatkich 19 ming 314 nafarni yoki umumiy miqdorning 7,7 foizini tashkil etmoqda. Shu bilan birga, yoshlarning 48 ming 125 nafari, ya’ni 19,3 foizi ayni paytda bola parvarishlash ta’tilida bo‘lib turibdi.

Ishsizlar 41 mingdan ortiq

BSI platformasi bergan izohga ko‘ra, bitiruvchilarning umumiy bandlik darajasini aniqlashda muayyan toifadagi fuqarolar inobatga olinmagan. Ular sirasiga o‘qishni davom ettirayotganlar, muddatli harbiy xizmatni o‘tayotganlar, bola parvarishlash ta’tilidagi shaxslar, vafot etganlar va xorijiy fuqarolar kiritilgan.

Tahlillar jarayonida mehnat bozorida o‘z o‘rnini topishga muvaffaq bo‘lmagan bitiruvchilar ham aniqlangan bo‘lib, ularning soni 41 ming 6 nafarni tashkil etdi. Shuningdek, bitiruvchilar orasida 1 ming 316 nafar (0,5 foiz) xorijiy fuqaro hamda 159 nafar (0,1 foiz) vafot etgan shaxslar borligi qayd etilgan.

Daromad darajasi

Mutassislar tomonidan ilgari taqdim etilgan ma’lumotlarga qaraganda, O‘zbekistonda oliygohni tugatgan yoshlarning o‘rtacha oylik ish haqi 4,9 million so‘mni tashkil qilmoqda. Mintaqaviy kesimda qaralganda, eng yuqori maosh darajasi Toshkent shahriga to‘g‘ri kelmoqda — poytaxtda bitiruvchilarning o‘rtacha oylik daromadi 6,6 million so‘mga yetgan.

Bundan tashqari, respublika bo‘yicha bitiruvchilar diplom olgandan so‘ng o‘ziga mos ish o‘rnini topishi uchun o‘rtacha 3 oy-u 5 kun vaqt sarflamoqda.

Теги :
Jamiyat