2013-yilgi qotillikda gumonlangan o‘zbekistonlik AQShda ICE tomonidan qo‘lga olindi
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Sobirov ayolning jasadini chamadonga joylab, kanalga tashlagan. O‘sha vaqtda u politsiya xodimlariga jinoyatni sodir etganini tan olgan.
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Immigratsiya va bojxona nazorati xizmati (ICE) Nyu-Yorkda xalqaro qidiruvda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosini hibsga oldi. U 2013-yilda Tailandda sobiq sevgilisini o‘ldirishda gumon qilinmoqda. Shuningdek, uning O‘zbekiston va AQShda ham sud-huquq organlari bilan bog‘liq holatlari bo‘lgan.
Gumonlanuvchi Tailanddagi qotillik ishi bo‘yicha qidiruvda bo‘lgan
ICE Nyu-York bo‘limi ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yil 14-oktyabr kuni 35 yoshli Sobirjon Sobirov Xusan o‘g‘li Bruklindagi yashash joyi yaqinida qo‘lga olingan.
U 2013-yilda Tailandda sobiq sevgilisining o‘limiga aloqadorlikda gumon qilinadi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Sobirov ayolning jasadini chamadonga joylab, kanalga tashlagan. O‘sha vaqtda u politsiya xodimlariga jinoyatni sodir etganini tan olgan.
O‘zbekistonda o‘g‘irlik uchun besh yilga qamalgan
Sobirovning O‘zbekistonda ham sudlangan. U 2020-yilda o‘g‘irlik jinoyati uchun sudlanib, besh yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.
2023-yil aprel oyida esa u 110 kishidan iborat guruh tarkibida Arizona shtatidagi Lukvill hududi orqali AQSh chegarasini noqonuniy kesib o‘tgan. Shundan so‘ng sud majlislarida ishtirok etish majburiyatini olishi evaziga ozod qilingan.
Nyu-Yorkda ham huquq-tartibot organlari e’tiboriga tushgan
2024-yilda Sobirov Nyu-York politsiya departamenti tomonidan bezovta qiluvchi xabarlar yuborish bilan bog‘liq holat yuzasidan ushlangan. Shundan keyin Kings okrugi sudi unga nisbatan himoya orderi chiqargan.
ICE ma’lumotlariga ko‘ra, Sobirov immigratsiya xizmati bilan oxirgi marta 2024-yil may oyida uchrashgan. Biroq shundan keyin belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tish talablarini bajarmagan.
ICE Nyu-York bo‘limi rahbari Kennet Jenalo Sobirovni jamoat xavfsizligiga jiddiy tahdid soluvchi shaxs sifatida baholagan.
Hozirda O‘zbekiston fuqarosi deportatsiya jarayoni yakunlangunga qadar ICE hibsxonasida saqlanmoqda.



