Chorshanba, 11-noyabr, 2026
☁ +7° kechasi +2°

7 yilda 3 trillion so‘mdan ortiq tushum qilgan UzIMEI kimniki?

Mazkur tizim mobil qurilmalarning rasmiy hisobini yuritish, ularning mamlakatga olib kirilishini nazorat qilish hamda noqonuniy import hajmini kamaytirishga qaratilgan.

5 daqiqa o‘qiladi

UZIMEI

O‘zbekistonda telefonlarning IMEI kodlarini majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi ishga tushganiga qariyb 7 yil bo‘ldi. Shu vaqt davomida 97,8 milliondan ortiq IMEI kod ro‘yxatga olinib, fuqarolar va importchilardan 3 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ yig‘ilgan.

Xo‘sh, bu tizim kimga tegishli, milliardlab so‘m qayerga ketmoqda?

UzIMEI tizimi qachon va qanday tashkil etilgan?

O‘zbekistonda mobil qurilmalarni IMEI kodlari orqali ro‘yxatdan o‘tkazish tizimini joriy etish 2018-yil 22-oktabrda Vazirlar Mahkamasining 847-son qarori bilan belgilangan.

Keyinchalik, 2019-yil 17-sentabrda Vazirlar Mahkamasining 778-son qarori qabul qilinib, mobil qurilmalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi, to‘lov miqdorlari va tizimdan foydalanish qoidalari belgilandi.

2019-yildan boshlab O‘zbekiston hududida mobil aloqa tarmoqlaridan foydalanadigan qurilmalarning IMEI kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.

IMEI — International Mobile Equipment Identity so‘zlarining qisqartmasi bo‘lib, mobil qurilmaga berilgan xalqaro identifikatsiya raqamidir. Odatda u 15 ta raqamdan iborat bo‘ladi.

IMEI raqami orqali qurilmani mobil aloqa tarmog‘ida identifikatsiya qilish mumkin. Ikkita SIM-karta bilan ishlaydigan telefonlarda ikki yoki undan ortiq IMEI kodi bo‘lishi mumkin. Shu sababli ro‘yxatga olingan IMEI kodlari sonini telefonlar soni bilan bir xil deb hisoblash to‘g‘ri emas.

Mazkur tizim mobil qurilmalarning rasmiy hisobini yuritish, ularning mamlakatga olib kirilishini nazorat qilish hamda noqonuniy import hajmini kamaytirishga qaratilgan.

UzIMEI kimga tegishli?

UzIMEI tizimining rasmiy operatori — Telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi. Tizimning texnik faoliyatini esa “Information Technology Center” mas’uliyati cheklangan jamiyati amalga oshiradi.

Mazkur qo‘shma korxona 2019-yilda tashkil etilgan bo‘lib, uning ta’sischilari ikki tashkilot hisoblanadi. Kompaniya ustav kapitalidagi 51 foiz ulush AQShning Delta Telecom International kompaniyasiga, qolgan 49 foiz ulush esa davlatga qarashli Telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markaziga tegishli.

Korxonaning ustav kapitali 22 milliard so‘mni tashkil etadi. Bu kompaniya tashkil etilgan davrdagi valyuta kursi bo‘yicha taxminan 2,5 million AQSh dollariga teng bo‘lgan. Shu tariqa, UzIMEI tizimi davlat tomonidan belgilangan tartib asosida ishlaydi, uning texnik faoliyatida esa xorijiy va davlat ulushiga ega qo‘shma korxona ishtirok etadi.

2024-yil aprel oyida qabul qilingan prezident qarori bilan “Information Technology Center” MChJdagi davlatga tegishli 49 foiz ulushni sotish va korxonani to‘liq xususiylashtirish belgilangan. Biroq 2026-yil avgust oyida e’lon qilingan ma’lumotlarda ham korxona ta’sischilari sifatida Delta Telecom International va Telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi ko‘rsatilgan.

Delta Telecom International kompaniyasining yakuniy benefitsiar egalari haqida esa keltirilgan ochiq ma’lumotlarda batafsil axborot mavjud emas.

UzIMEI tizimi orqali 7 yilda qancha mablag‘ yig‘ilgan?

Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, 2019-yildan 2026-yil 1-avgustga qadar mobil qurilmalarning 97,8 milliondan ortiq IMEI kodi ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Shu davrda IMEI kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun jami 3 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ to‘langan.

Yillar kesimida tushumlar quyidagicha:

2019-yilda — 6 milliard 400 million so‘m.
2020-yilda — 233 milliard 700 million so‘m.
2021-yilda — 309 milliard 400 million so‘m.
2022-yilda — 425 milliard 500 million so‘m.
2023-yilda — 509 milliard 500 million so‘m.
2024-yilda — 606 milliard 700 million so‘m.
2025-yilda — 694 milliard so‘m.
2026-yilning 1-avgust holatiga — 459 milliard 600 million so‘m.

Mazkur raqamlar yig‘indisi 3 trillion 244 milliard 800 million so‘mni tashkil etadi.

Yig‘ilgan mablag‘lar qayerga sarflanadi?

UzIMEI operatori — Telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi vakili Otabek Azimovning bildirishicha, IMEI kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun olinadigan mablag‘lar soliq maqomiga ega emas.

Uning tushuntirishicha, mazkur to‘lovlar tizim tomonidan ko‘rsatiladigan xizmat uchun undiriladi. Rasmiylar mablag‘lar bir nechta yo‘nalishga sarflanishini bildirgan. Jumladan, tushumlar davlat byudjetiga, server qurilmalarining faoliyatini ta’minlashga, texnik infratuzilmani yangilashga, tizimda ishlovchi xodimlarning ish haqiga va telekommunikatsiya sohasini rivojlantirishga yo‘naltirilishi aytilgan.

Shuningdek, ushbu mablag‘lar hisobidan respublikaning chekka hududlarida aloqa sifatini yaxshilash ham ko‘zda tutilgan. Otabek Azimovning ta’kidlashicha, IMEI tizimining uzluksiz ishlashi uchun serverlar, texnik uskunalar va dasturiy infratuzilmani muntazam qo‘llab-quvvatlash talab etiladi.

Shu sababli tizimni saqlash va rivojlantirish xarajatlari ham ro‘yxatdan o‘tkazish uchun undiriladigan to‘lovlar hisobidan qoplanishi belgilangan.

UzIMEI tizimi qanday natijalar bergan?

UzIMEI tizimi mobil qurilmalarning IMEI kodlarini yagona bazada yuritish, ularning mamlakatga olib kirilishini hisobga olish va ro‘yxatdan o‘tmagan qurilmalarning mobil tarmoqlardan foydalanishini cheklash vazifalarini bajaradi.

Operator taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, UzIMEI joriy etilganidan keyin qonuniy olib kirilayotgan telefonlar ulushi 93 foizga yetgan. Rasmiylar ushbu tizim mobil qurilmalar bozorini tartibga solish, noqonuniy importni qisqartirish va rasmiy distribyutorlar faoliyatini kengaytirishga xizmat qilayotganini bildirgan.

Shuningdek, tizim joriy etilganidan keyingi yillarda Samsung va Xiaomi kabi yirik ishlab chiqaruvchilarning rasmiy savdo faoliyati O‘zbekistonda yo‘lga qo‘yilgan. UzIMEI vakillari mamlakatda rasmiy savdo va servis markazlarining rivojlanishini ham mobil qurilmalar importi ustidan nazorat kuchaygani bilan bog‘lamoqda.

2026-yil avgust oyidagi statistikada 20,1 millionta qurilma bloklangani, yana 366 mingdan ortiq qurilma ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonida ekani bildirilgan.

Shu bilan birga, UzIMEI tizimi joriy etilganidan buyon telefonlarning rasmiy importi bo‘yicha bojxona tushumlari ham sezilarli miqdorni tashkil etgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2019-yildan 2026-yil 1-avgustga qadar mobil qurilmalarni bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish hisobidan 5 trillion so‘mdan ortiq bojxona to‘lovlari undirilgan.

Bu mablag‘lar IMEI kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun yig‘ilgan 3 trillion so‘mdan ortiq tushumdan alohida hisoblanadi.

Demak, mazkur davrda mobil qurilmalar importi va ularning IMEI kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq ikki xil to‘lov mavjud bo‘lgan: bojxona rasmiylashtiruvi uchun undiriladigan to‘lovlar va UzIMEI xizmatlari uchun olinadigan mablag‘lar.