Chorshanba, 11-noyabr, 2026
☁ +7° kechasi +2°

Rossiyada migrantlar ishlamaydigan oila a’zolari uchun ham soliq to‘laydi

Rossiya hukumati migrantlarning oilasi bilan mamlakatda yashash tartibini o‘zgartirmoqda. Yangi talablar xorijiy ishchilarning oila a’zolariga ham taalluqli bo‘lib, migratsiya siyosatidagi navbatdagi cheklovlarni nazarda tutadi.

2 daqiqa o‘qiladi

Migrant

Rossiyada mehnat qilayotgan xorijiy fuqarolar 2027-yil 1-yanvardan boshlab mamlakatda ular bilan birga yashayotgan, biroq ishlamaydigan oila a’zolari uchun ham soliq to‘lashi kerak bo‘ladi. Yangi talab migrantlarning oilasi bilan Rossiyada qolish imkoniyatlarini cheklashga qaratilgan.

Ishlamaydigan oila a’zolari soni 20 foizga kamaygan

Bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putinga Ichki ishlar vaziri birinchi o‘rinbosari, chet el fuqarolarini ro‘yxatga olish va fuqarolik masalalari bo‘yicha xizmat rahbari Andrey Kikot ma’lum qilgan.

Uning ta’kidlashicha, migrantlarning farzandlarini maktablarga qabul qilish bo‘yicha yangi talablar joriy etilgach, Rossiyada yashayotgan ishlamaydigan oila a’zolari soni 20 foizga qisqargan. Bungacha ularning umumiy soni 1,7 million kishini tashkil etgan.

Migrantlarni ishga jalb qilishning yangi tizimi ishlab chiqilmoqda

Rossiya hukumati xorijiy ishchilarni mamlakatga uyushgan holda olib kelish tartibini ham joriy etishni rejalashtirmoqda. Tegishli qonun loyihasi hozirda hukumat muhokamasida.

Taklif etilayotgan mexanizmga ko‘ra, ish beruvchi migratsiya xizmatiga ishchi kuchiga bo‘lgan ehtiyoji yuzasidan buyurtma beradi. Maxsus operator esa talabga muvofiq ishchilarni tanlab, Rossiyaga olib kelish bilan shug‘ullanadi. Mehnat shartnomasi muddati yakunlangach, xorijiy ishchi o‘z mamlakatiga qaytishi kerak bo‘ladi.

Yangi tartib doirasida yirik va o‘rta biznes vakillari jalb qilingan ishchilarni turar joy hamda ish joyiga qatnash uchun transport bilan ta’minlashi shart etib belgilanadi.

Migratsiya sohasidagi talablar kuchaytirilmoqda

Rossiyada migrantlarga nisbatan talablar so‘nggi yillarda bosqichma-bosqich kuchaytirib kelinmoqda. 2026-yil iyun oyida prezident Vladimir Putin migratsiya sohasida undiriladigan davlat bojlari miqdorini oshirishni nazarda tutuvchi qonunni imzolagan edi.

Bundan tashqari, 2025-yil bahorida Ichki ishlar vazirligining Migratsiya masalalari bo‘yicha bosh boshqarmasi negizida migrantlar bilan bog‘liq masalalar bilan shug‘ullanuvchi alohida xizmat tashkil etilgan. Unga Andrey Kikot rahbarlik qilmoqda.

2024-yil kuzida esa Rossiya Ichki ishlar vazirligi mamlakatda migratsiya hisobida turgan xorijiy fuqarolar soni haqidagi ma’lumotlarni ilk bor rasman e’lon qilgan.