Chorshanba, 11-noyabr, 2026
🌤 +8° kechasi +2°

Namangandagi bog‘chada 5 yoshli qizga tajovuz qilgan pedofilning ishi sudga oshirildi

Jinoyat ishi 18-noyabr kuni yopiq sud majlisida ko‘rib chiqiladi.  Bog‘chada ombor mudiri bo‘lib ishlagan 52 yoshli erkak bilan birga boshqa ayblanuvchilar ham sud qilinadi

2 daqiqa o‘qiladi

Namangandagi bog‘chada 5 yoshli qizga tajovuz qilgan pedofilning ishi sudga oshirildi

Bu haqda Namangan viloyati sudlari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Sud majlisi yopiq o‘tkaziladi

Matbuot xizmatining xabar berishicha, jinoyat ishi Norin tuman sudiga kelib tushgan. Sud jarayoni 18-noyabrga belgilandi.

Jabrlanuvchi voyaga yetmaganligi sababli majlis yopiq tarzda o‘tkaziladi. Bu tartib Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasida belgilangan. Ish bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar sud jarayoni yakunlangach e’lon qilinadi.

Bog‘cha xodimlari ishdan bo‘shatildi

Eslatib o‘tamiz, 12-sentyabr kuni Uchqo‘rg‘on tumanida 5 yoshli qizga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etilgani yuzasidan jinoyat ishi ochilgan.

Tergov Jinoyat kodeksining 118-moddasi 4-qismi, ya’ni 14 yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tegish hamda 112-moddasi 1-qismi — o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish bo‘yicha olib borilgan.

O‘sha kuni bog‘chada ombor mudiri bo‘lib ishlagan 52 yoshli erkak ushlanib, sud qarori bilan qamoqqa olingan.

Voqeadan keyin Bolalar ombudsmani Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligidan bog‘chalarda bolalar xavfsizligini kuchaytirish, bunday holatga imkon bergan sabablarni aniqlash va ularning takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslikni talab qildi.

Vazirlikning bildirishicha, voqeaga aloqadorlikda gumon qilingan bog‘cha xodimlari ishdan bo‘shatilgan. Bundan tashqari, maxsus ishchi guruh barcha davlat bog‘chalaridagi xodimlarni tekshirishni boshlagan.

Jabrlangan qizning oilasiga uy-joy beriladi

Ushbu voqeaga Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ham munosabat bildirgan. U jinoyatni sodir etgan shaxs qonun doirasida eng og‘ir jazoga tortilishi, bolani himoya qila olmagan mas’ullar ham javob berishi kerakligini aytgan.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva esa qizning oilasi boshqa shaharga ko‘chib o‘tishini ma’lum qilgan. Oilani uy-joy bilan ta’minlash va ularga zarur reabilitatsiya yordamini ko‘rsatish rejalashtirilgan.

Avvalroq jabrlangan qizning onasi ham voqea haqida gapirib bergan edi. Bolalar ombudsmani esa bolaning shaxsiy hayoti va sha’nini himoya qilish maqsadida tasdiqlanmagan ma’lumotlarni tarqatmaslikka chaqirgan.