Shanba, 7-noyabr, 2026
Havo 61 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
⛅ +12° kechasi +11°

Banklarga bankomatlar bo‘yicha yangi talab qo‘yildi

Bankomat kartadan pul yechib olgan, ammo mijozga naqd pul bermagan holatlarda banklar faqat elektron tizimdagi qaydlarga tayanmasdan, barcha mavjud dalillarni o‘rganishi shart.

3 daqiqa o‘qiladi

Bankomat

Markaziy bank bankomat orqali naqd pul yechish jarayonida mablag‘ kartadan hisobdan chiqarilgan, biroq mijozga berilmagan holatlar yuzasidan murojaatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha banklar va to‘lov tashkilotlari bajarishi lozim bo‘lgan talablarni belgiladi.

Regulyatorga kelib tushayotgan murojaatlarda ayrim fuqarolarning bank kartasidan pul yechib olingani, lekin bankomat ularga naqd pul bermagani haqida xabarlar uchramoqda. Bunday nizolarni ko‘rib chiqishda xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar ko‘pincha operatsiya muvaffaqiyatli yakunlanganini ko‘rsatuvchi elektron jurnallar va boshqa texnik ma’lumotlarga asoslanadi.

Biroq bankomatdan foydalanish qoidalariga amal qilinmagani yoki operatsiya jarayoniga oid zarur ma’lumotlar saqlanmagani sababli ayrim vaziyatlarda mijozga naqd pul haqiqatda topshirilganini ishonchli aniqlashning imkoni bo‘lmaydi.

Banklar barcha zarur ma’lumotlarni saqlashi kerak

Markaziy bank banklar va to‘lov tashkilotlari bankomatlar hamda boshqa o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatish qurilmalaridan foydalanishda qonunchilikda belgilangan talablarga rioya etishi shartligini eslatdi.

Bu, jumladan, qurilmalarning texnik holati va ichki nazoratini ta’minlash, amalga oshirilgan operatsiyalar natijalarini qayd etish hamda nizoli vaziyatlarni tekshirish uchun zarur ma’lumotlarni saqlashni nazarda tutadi.

Regulyatorning ta’kidlashicha, ushbu talablar oddiy rasmiyatchilik uchun joriy etilmagan. Ular to‘lov xizmatlarining ishonchli ko‘rsatilishi, qonunbuzilishlarning oldini olish va mijozlarning mulkiy manfaatlarini himoya qilish uchun zarur.

Shuningdek, banklar va to‘lov tashkilotlari o‘zlari rioya qilishi shart bo‘lgan talablarning buzilishidan mijozlarga nisbatan o‘z foydasiga foydalanmasligi kerak. Agar tashkilotning o‘zi yo‘l qo‘ygan kamchiliklar nizoli operatsiya tafsilotlarini xolis aniqlashga to‘sqinlik qilsa, buning salbiy oqibatlarini iste’molchi zimmasiga yuklash mumkin emas.

Operatsiya bir nechta manba asosida tekshiriladi

Markaziy bank bunday murojaatlarni o‘rganishda faqat elektron tizimdagi qaydlar bilan cheklanib qolmaslik kerakligini belgiladi.

Banklar va to‘lov tashkilotlari har bir holatni har tomonlama tekshirishi, bunda quyidagi ma’lumotlarni hisobga olishi lozim:

  • elektron jurnallardagi qaydlar;

  • bankomat faoliyatiga oid texnik ma’lumotlar;

  • qurilmadagi naqd pul qoldig‘ini solishtirish natijalari;

  • to‘lov infratuzilmasi ishtirokchilaridan olingan ma’lumotlar;

  • videokuzatuv yozuvlari;

  • ishga aloqador boshqa dalillar.

Regulyator axborot tizimida operatsiyaning «muvaffaqiyatli» deb qayd etilishi mijozga xizmat amalda ko‘rsatilganini avtomatik ravishda tasdiqlamasligini ham alohida qayd etdi.

Tekshiruv tugagach, iste’molchiga uning murojaati yuzasidan asoslantirilgan javob berilishi kerak. Unda aniqlangan holatlar, shuningdek, tashkilotning yakuniy xulosasini shakllantirishda foydalanilgan ma’lumotlar ko‘rsatilishi lozim.

Mijozning buzilgan huquqlari tiklanishi shart

Tekshiruv davomida operatsiya belgilangan tartibda bajarilmagani aniqlansa, bunga yo‘l qo‘ygan tashkilot iste’molchining buzilgan mulkiy huquqlarini tiklashi shart.

Markaziy bank esa qonunbuzilish holatlari aniqlangan taqdirda, ularning xususiyati va oqibatlarini, shuningdek, kamchiliklarni bartaraf etish uchun ko‘rilgan choralarni inobatga oladi. Shundan kelib chiqib, aybdor tashkilotlarga nisbatan qonunchilikda nazarda tutilgan nazorat va javobgarlik choralari qo‘llanadi.