$
 12037.21
43.68
 14071.50
17.48
 159.62
1.1
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonda ichki aviareyslar chiptalari arzonlashishi kutilmoqda

O‘zbekistonda mahalliy aviaqatnovlar uchun chipta narxlarini davlat tomonidan subsidiyalash mexanizmi joriy etilishi mumkin. Bu haqda Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev Samarqandda o‘tayotgan Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 59-majlisi doirasida ma’lum qildi.

Vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, tegishli qaror loyihasi allaqachon ishlab chiqilgan va hozirda yakuniy kelishuv jarayonida turibdi.

Avia chiptalar narxi nima sababdan oshib ketdi?

Transport vazirligi parvozlar narxiga Yaqin Sharqdagi vaziyat jiddiy ta’sir ko‘rsatganini tushuntirdi. Geosiyosiy inqiroz tufayli logistika yo‘nalishlari o‘zgardi, aviatsiya yonilg‘isi esa keskin qimmatlashdi. Choriyevning ta’kidlashicha, yonilg‘i xarajatlari aviakompaniya umumiy xarajatlarining 45 foizigacha bo‘lgan qismini tashkil qilmoqda.

Bundan tashqari, parvoz vaqti ham uzaygan. Masalan, Dubayga parvoz qilish avval 3 soat vaqt olgan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkich 4,5 soatgacha yetgan. Airbus A320 samolyotining har bir qo‘shimcha parvoz soati esa aviakompaniyalarga taxminan 10–15 ming dollarga tushmoqda.

Samolyotlar tanqisligi va narxlarning ko‘tarilishi

Yana bir muammo — yangi samolyotlar yetkazib berish hajmining qisqarganidir. Vazir o‘rinbosarining qayd etishicha, inqirozdan so‘ng ishlab chiqaruvchilar, jumladan Boeing kompaniyasi, mahsulot yetkazib berishni sezilarli darajada kamaytirgan.

Shu fonda havo kemalarining narxi 150 foizgacha ko‘tarildi, bu esa bevosita chipta narxlariga ta’sir ko‘rsatmoqda. Vazirlikning ta’kidlashicha, yo‘lovchi oqimi past bo‘lgan yo‘nalishlarda qimmatbaho samolyotlardan foydalanish iqtisodiy jihatdan o‘zini oqlamaydi.

Kichik samolyotlar parvozni arzonlashtiradimi?

Jasurbek Choriyev kichik samolyotlar avtomatik ravishda parvoz narxini pasaytiradi degan keng tarqalgan qarashni rad etdi.

Uning tushuntirishicha, o‘rindiqlar soni va bir martalik parvoz tannarxi hisobga olinsa, kichik laynerlarda yo‘lovchi tashish yirik samolyotlarga qaraganda qimmatroqqa tushishi mumkin. Aynan shu sababli, “loukoster”lar (arzon aviakompaniyalar) xizmat ko‘rsatish darajasini pasaytirish va o‘rindiqlar orasidagi masofani qisqartirish hisobiga samolyot saloniga iloji boricha ko‘proq yo‘lovchi sig‘dirishga harakat qiladi.

Narxlar qachon tushadi?

Subsidiyalash dasturini ishga tushirishning aniq muddati va chegirmalar miqdori hozircha ochiqlanmagan.

Biroq Transport vazirligi qaror qabul qilingandan so‘ng, davlat ichki reyslar uchun chipta narxlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri subsidiyalashni boshlashini bildirdi. Bu chora-tadbirlar mamlakat ichidagi aviaqatnovlarni aholi uchun yanada hamyonbop qilishga xizmat qiladi.

Теги :
Jamiyat