$
 12720.00
-7.96
 13827.91
46.07
 140.04
0.58
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekiston Rossiya tomoni bilan AES mavzusida tayinli qarorga kelmagan

AES

Energetika vazirining birinchi o‘rinbosari, Atom energetikasini rivojlantirish agentligi rahbari Azim Axmedxadjayev O‘zbekistonda AES qurilishi bo‘yicha Rossiya bilan o‘tkazilayotgan muzokaralar qaysi bosqichda ekanligini ma’lum qildi. O‘zbekistonda har yili AES mavzusi bir necha marotaba xuruj qilib turadi. Qiziqarlisi, ko'p hollarda o‘zimiz bilan bog‘liq bu mavzudagi ma’lumotlarni mahalliy OAVlardan emas, shimoldagi turli axborot tarqatuvchilar yoki rasmiylar tilidan bilib olamiz. Vaholanki, mavzu bevosita O‘zbekiston kelajagini hal qiluvchi kuchga ega. Masalaga pessimistik yondashib, ehtimoliy eng og‘ir vaziyatlarni ham inobatga olsak, bu masala nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo kelajagiga ham ta’sir etadi.

Shartnoma tayyorlanyaptimi?

O‘tgan oy yakunida Rossiya ommaviy axborot vositalarida “Rosatom” va “O‘zatom” o‘rtasida O‘zbekistonda atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha shartnoma tayyorlanayotgani haqida xabarlar tarqalgandi. Unga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Sanoat va savdo vaziri Denis Manturov Rossiya O‘zbekistonga kam quvvatli atom elektr stansiyalari loyihalarini taklif qilishga tayyorligini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Jizzax viloyatidagi Tuzkon ko‘li yaqinidagi joy atom elektr stansiyasini qurishga yaroqli deb tasdiqlangan. “Strana Rosatom” saytining axborotida qayd etilishicha, ayni paytda buyurtmachi va xalqaro ekspertlar bilan birgalikda AESni O‘zbekiston energetika tizimiga integratsiyalashning texnik masalalari o‘rganilayotgan ekan. 

Muzokaralar qaysi bosqichda?

Kuni kecha Energetika vazirining birinchi o‘rinbosari, Atom energetikasini rivojlantirish agentligi rahbari Azim Axmedxadjayev "Gazeta.uz" nashri muxbirining O‘zbekistonda AES qurilishi bo‘yicha Rossiya bilan o‘tkazilayotgan muzokaralar qaysi bosqichda ekani haqidagi savoliga javob berdi. Rahbar "Biz hozir faqat gaplashyapmiz, umumiy gaplar bo‘lyapti, hech narsaning anig‘i yo‘q. Rossiya tomoni ham sal umumiyroq aytmoqda, lekin buni qandaydir qo‘shimcha qo‘shib, boshqa hikoyaga olib chiqishyapti. Lekin, umuman olganda, hozir hech narsa yo‘q. Faqat umumiy gap. Ular bilan faqat qaysi yo‘nalishlarda qanday imkoniyatlar borligini ko‘rib chiqyapmiz", deya javob berar ekan, "Chunki atom faqat energetika emas. Meditsina ham bor, qishloq xo‘jaligi ham bor, suv tozalash ham bor va hokazo. Hozir shu kabi boshqa yo‘nalishlarni o‘rganib chiqyapmiz. Shundan keyin qaysi soha bizga yaqinroq ekani va qaysi sohani birinchi bo‘lib rivojlantirishimiz kerakligini aniq tushunamiz", — deya qo‘shimcha qilgan. Shuningdek, rahbar atom energiyasi bo‘yicha boshqa davlatlar bilan muzokaralar olib borilmayotganini ma’lum qilgan.

"Bu qaror O‘zbekistondagi keyingi 100 yildagi vaziyat qanday bo‘lishini belgilaydi"

Eslatib o'tamiz, joriy yilning mart oyi yakunlarida rus nashrlarida Rossiyaning "Rosatom" davlat korporatsiyasi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Kirill Komarov O‘zbekiston bilan respublikada atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha shartnoma yuzasidan muzokaralar "ancha muvaffaqiyatli" kechayotgani ma’lum qilingan axborot paydo bo‘lgandi. Unda "Rosatom" davlat korporatsiyasi bosh direktori "Shartnoma bo‘yicha muzokaralar ancha muvaffaqiyatli kechmoqda. Men hech kimga ta’sir o‘tkazmaslik uchun bunday holatlarni, sanalarni aytmaslikka harakat qilaman, chunki bu — juda muhim qaror. Bu qaror O‘zbekistondagi keyingi 100-yildagi vaziyat qanday bo‘lishini belgilaydi. Shuning uchun ham, sizga aytamanki, shoshqaloqlik qilish yoki ma’lum xatoga yo‘l qo‘yishdan ko‘ra barcha nyuanslarni muhokama qilish uchun qo‘shimcha vaqt sarflagan ma’qul. Lekin biz istalgan vaqtda ushbu loyihani amalga oshirishga kirishishga tayyormiz" deya bayonot bergandi.

Ma’lumot uchun, Rossiya OAVning ma’lumotiga ko‘ra, 2033-yilda ishga tushirilishi mo‘ljallangan AES VVER-1200 reaktorlariga ega ikkita III+ avlod blokidan iborat bo‘lib, loyihaning taxminiy qiymati esa 11 milliard dollarga baholanmoqda. Mavzu bilan yanada yaqinroq tanishish maqsadidagi mushtariylarimiz saytimiz orqali Atom elektr stansiyasi haqidagi barcha qiziqarli ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan "AES — ichki tomondan qo‘yiladigan bomba(mi?)" nomli maqolani mutolaa qilishlari mumkin.