$
 12142.10
-52.11
 14079.98
95.66
 150.53
0.56
weather
+26
Кечаси   +14°

Umuman yutqazmaydigan jamoa

Arqadag

Sport, ayniqsa, futbol Markaziy Osiyo hukumatlari orasida siyosiy brendlash vositasi bo‘lib kelgan. Qozog‘istonda Ostona futbol klubi 2013-yilda o‘sha paytdagi prezident Nursulton Nazarboyev tomonidan tuzilgan. Bundan avval "Lokomotiv Astana" nomi bilan mashhur bo‘lgan “Astana” klubi hech qachon liga chempionligini qo‘lga kiritmagan bo‘lsa ham, keyin ketma-ket oltita chempionlikni qo‘lga kiritadi. Tojikistonda esa prezident Imomali Rahmonning o‘g‘li Rustam Emomali Dushanbedagi “Istiqlol” futbol klubiga asos solgan va uning ilk yillarida klub sardori va to‘purar hujumchisi bo‘lgan. Bu klub ham 2010-yildan beri, deyarli har yili liga chempionligini qo‘lga kiritadi. Ushbu mintaqada futbolga eng katta shov-shuvlar bilan kirib kelgan klub siz va bizga juda ham tanish, bu O‘zbekistonning Osiyoga dong‘i ketgan “Bunyodkor” futbol klubi. Jamoa tarixi mamlakatning ilk prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova bilan chambarchas bog‘liq ekanligi o‘zbekistonliklar uchun endi sir emas. Biz ushbu maqolada o‘zining shubhali muvaffaqiyati bilan barchani hayron-u lol qoldirayotgan va ginnesning rekordlar kitobiga kirishga uringan Turkmanistonning "Arqadag‘" futbol klubi haqida hikoya qilamiz.

Klubning tashkil etilishi

"Arqadag‘" futbol klubi 2023-yilning 1-aprelida Turkmaniston futbol federatsiyasi tarkibiga kiritilgan. Klub asoschisi Turkmanistonning sobiq prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov hisoblanadi. Futbol jamoasi yangi "Arqadag‘" shahrida joylashgan bo‘lib, uning nomi Berdimuhamedovning rasmiy unvoniga ishora qiladi. Jamoa formasi va logotipini ishlab chiqishda sobiq prezidentning shaxsan o‘zi ishtirok etgan. Keyinchalik, Turkmaniston futbol federatsiyasi Ijroiya qo‘mitasi qarori bilan jamoa Turkmaniston chempionati va kubogi ishtirokchisiga aylanadi. Klubning dastlabki arizasiga Turkmanistonning 6 futbol klubidan Turkmaniston terma jamoasining asosiy tarkibidan 27 nafar futbolchi kiritiladi.

Ilk mavsum

"Arqadag‘” futbol klubi o‘zining ilk uchrashuvini 2023-yilning 18-aprelida o‘tkazadi. Turkmaniston chempionatining 2-tur uchrashuvida Guvanchmuhamed Ovekov boshchiligidagi “Merv”ni mag‘lub etadi – 2:1. Klub ilk rasmiy o‘yinlarini Ashxoboddagi “Niso” stadionida o‘tkazgan. 2023-yil 22-aprel kuni Turkmaniston kubogidagi debyut uchrashuvida jamoa “Energetik”ni mag‘lub etadi — 4:0. Klub 2023-yilgi mavsumni 24 uchrashuvda 24 ta g‘alaba bilan mamlakat chempioni sifatida yakunlaydi. 

Ginnesning rekordlar kitobiga harakat

Jamoa futbol klubi 2023-yil aprel oyida tashkil etilgan bo‘lib, shundan buyon o‘tkazilgan 37 uchrashuvning barchasida g‘alaba qozongan. “Arqadag‘” birinchi o‘yindanoq g‘alaba qozona boshlaydi, ammo bundan ham kutilmagan omil jamoaning hech qayerda ochko yo‘qotmagani edi. Yangi tashkil etilgan professional klub Turkmanistonning so‘nggi chempionatini mag‘lubiyatsiz va duranglarsiz yakunlaydi. Bu futbol klublari ichida rekord natija hisoblanadi. Jahon futbolidagi rekord g‘alabali seriyasi Saudiya Arabistonining “Al-Hilol” klubiga tegishli bo‘lib, jamoa ketma-ket 34 o‘yinda g‘alaba qozongan. Turkmaniston jamoasining natijasi rekord uchun yetarli bo‘lsa-da, ginnesning rekordlar kitobi mutaxassislari rekordni tan olishdan bosh tortdi va bu g‘alabali seriyasini adolatli emas deb hisobladi, chunki klub mavsum boshida raqiblarining eng yaxshi futbolchilari bilan shartnoma imzolagan edi. Qayd etilishicha, o‘sha davrdagi transfer oynasi “Arqadag‘” kerakli futbolchilarni xarid qilishi uchun uzaytirilgan.

Теги :
Jamiyat