YouTube o‘z foydalanuvchilari va mualliflar uchun yangi funksiyalarni taqdim etmoqda
Eng so‘nggi sinovdan o‘tkazilayotgan funksiya esa YouTube bilan bog‘liq bo‘lgan eng katta noroziliklardan birini hal etishi mumkin. Bunda qoidabuzarlik uchun olib tashlangan videolarni qaytarish imkoniyati haqida gap ketmoqda.
2 daqiqa o‘qiladi

YouTube mualliflar uchun yangi funksiyani sinovdan o‘tkazmoqda, deya xabar berdi “TechCrunch”.
Yo‘qotilgan videolarni endi qaytarish mumkinmi?
Qayd etilishicha, YouTube yangi funksiya orqali platforma qoidalarini buzganlik yoki yosh cheklovlari bilan bog‘liq qoidabuzarliklarni sodir etilgan vaziyatlarda olib tashlangan videolarni qayta tahrirlash imkonini beradi.
Buning natijasida video mualliflari katta mehnat sarf qilgan holda yaratgan kontentlaridan ayrilishmaydi.
Vaziyat bundan avval qanday edi?
Shu paytgacha ijodkorlar tartib-qoidalarini buzgan deb topilgan videolari uchun faqat bir marta murojaat qilishlari va javobni kutishlari kerak edi.
Bunday holatlarda murojaat natijasi qanday bo‘lmasin, qabul qilishdan boshqa imkon bo‘lmagan. Kompaniya esa yangi funksiya orqali ularga yana bir imkon bermoqda.
Platformaning o‘zida kontentni tahrirlash imkoniyati
YouTube o‘zining qo‘llab-quvvatlash sahifasida tegishli mualliflar YouTube Studio'da o‘z kontentini tahrirlash uchun yangi imkoniyatga ega bo‘lishlarini ham ma‘lum qilgan.
Videomuallif o‘z kontentini tahrir qilgach, YouTube jamoasi o‘zgarishlarni ko‘rib chiqadi va yoshga oid yoki hamjamiyat tartib-qoidalarining buzilishi haqidagi cheklovlarni olib tashlaydi.
Avtomatik dublyaj
Yaqinda e‘lon qilingan foydali funksiyalardan yana biri videoni avtomatik dublyaj qilish imkoniyatidir.
Xabarda bu funksiya yaqin oylarda yuz minglab foydalanuvchiga taqdim etilishi aytilgan.
Bundan tashqari, dublyajda foydalanish tillari ham ko‘payib, ispan, italyan, portugal, frantsuz va boshqa tillar ham qo‘shilmoqda.
G‘oyaviy yordamchi
Platforma “YouTube Studio”ga “Inspiration” nomli yorliq ham qo‘shmoqda. Ushbu vosita mualliflarga videolar, sarlavhalar va videolarning eskizlari uchun g‘oyalarni ishlab chiqishda yordam beradi.
U 2024-yil avgust oyidan beri sinovdan o‘tkazilmoqda.
Bu kabi funksiyalar “YouTube”da doimiy obunachilar va videomualliflar sonini keskin oshirishi kutilmoqda.



