$
 12175.34
4.67
 14063.74
15.14
 154.29
1.99
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zboshimchalik bilan egallangan yerlarni rasmiylashtirish uchun to‘lov miqdori ma’lum qilindi

Yer uchastkasi

“O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonun 8-noyabrdan kuchga kiradi. Ushbu qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 9-aprelda qabul qilinib, Senat tomonidan 21-iyunda ma’qullangandi. Prezident 5-avgust kuni ushbu qonunni imzolangandi.

Davlat kadastrlari palatasi Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish boshqarmasi boshlig‘i Izzatulla Rahimov qonun bilan bog‘liq to‘lovlar miqdori haqida ma’lumot berdi.

Miqdor qancha?

Qonunga ko‘ra, fuqarolarning bog‘dorchilik va uzumchilik shirkatlari hududidagi turar joylariga hamda ular egallagan yer uchastkasiga, xususiylashtirilgan binolar va inshootlar egallagan yer uchastkasiga, fuqarolarning, yakka tartibdagi tadbirkorlarning va rezident bo‘lgan yuridik shaxslarning qonunchilikka muvofiq mulk huquqi e’tirof etilgan binolari va inshootlari egallagan yer uchastkalariga bo‘lgan ijara huquqini e’tirof etish uchun quyidagi miqdorlarda bir martalik to‘lov undiriladi.

Toshkent shahrida BHMning 5 baravari (1 mln 875 ming so‘m),

Nukus shahrida va viloyatlar markazlarida BHMning 3 baravari (1 mln 125 ming so‘m),

viloyatlar bo‘ysunuvidagi boshqa shaharlarda BHMning 2 baravari (750 ming so‘m),

boshqa aholi punktlarida BHMning 1 baravari (375 ming so‘m) miqdorida to‘lov qilinadi.

Bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida bir martalik yig‘imni to‘liq to‘lagan shaxslar, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar bir martalik to‘lovni to‘lashdan ozod etiladi. “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga kiritilgan shaxslardan bir martalik to‘lov belgilangan to‘lovning 50 foizi miqdorida undiriladi.

Xabarnoma yuboriladi

Izzatulla Rahimovning bildirishicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari tomonidan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish maqsadga muvofiq deb topilgan taqdirda Kadastr agentligi tomonidan tegishli shaxslarning telefon raqamiga bir martalik to‘lovni yigirma ish kuni ichida to‘lash to‘g‘risidagi xabarnoma avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali avtomatik ravishda yuboriladi.

Tegishli shaxslar tomonidan bir martalik to‘lov belgilangan muddatlarda to‘lanmagan taqdirda, ularning o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga hamda unda qurilgan bino va inshootga bo‘lgan huquqlarini e’tirof etish to‘g‘risidagi ishlar to‘xtatib turiladi.

Tegishli shaxslar tomonidan bir martalik to‘lov to‘langan taqdirda, elektron yig‘majild, ma’lumotlar va hujjatlar tayyorlangan ijobiy xulosalar bilan birga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga navbatdagi sessiyada ko‘rib chiqish uchun avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali avtomatik ravishda yuboriladi.

Теги :
Jamiyat