“Yangi Toshkent”da Twin Towers quriladi
Jahongir Anvarov “Yangi Toshkent” haqida ayrim ma’lumotlarni ochiqladi. Unga ko‘ra, shaharning birinchi tumani 6−10 yilda qurilishi rejalashtirilgan.
2 daqiqa o‘qiladi

4-oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida “Yangi Toshkent” qurilish direksiyasi arxitektura va shaharsozlik departamenti rahbari Jahongir Anvarovning ma’lum qilishicha, 6-10 yil ichida “Yangi Toshkent”ning birinchi tumani qurilishini yakunlash rejalashtirilgan.
Yer ostida galereyalar shakli
Uning so‘zlariga ko‘ra, shaharning 13 tumanida muhandislik tarmoqlari yer ostida galereyalar shaklida quriladi, bu esa aholi uchun noqulayliklarni kamaytirishi va gaz, elektr va suv ta’minoti tizimlariga xizmat ko‘rsatishni yengillashtirishi kerak.
“Transport masalalarini hal qilish uchun “Yangi Toshkent”da metro liniyasi uzaytiriladi, shuningdek, yer osti yo‘llari va tunnellar quriladi. Qulay transport yechimlari va chorrahalar loyihalashtirilmoqda”, — dedi Anvarov.

Beshta asosiy transport magistrali
Qurilish direksiyasi bosh mutaxassisi Umidjon Fayziyev yer osti transport tizimiga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Jamoat transporti asosan yer ostida, yengil avtomobillar esa yer ustida harakatlanishi rejalashtirilgan. Turar joy va jamoat binolarida to‘xtash joylarining 90 foizi yer ostida bo‘ladi.
U “Yangi Toshkent” bilan poytaxt o‘rtasidagi aloqa muhim vazifa ekanini, chunki bu alohida aholi punkti emas, balki shaharning kengayib borayotgan qismi ekanini ta’kidladi. Beshta asosiy transport magistrali, jumladan, metro, tramvay, monorels va avtobuslar integratsiya qilinadi.
Uchta sun’iy kanal
“Yangi Toshkent”da vazirliklar va davlat idoralari bo‘lgan ma’muriy markaz paydo bo‘ladi. Idoralarning shtablari allaqachon tashkil etilgan va qurilish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Loyihada Qorasuv va Chirchiq daryolarini birlashtiradigan uchta sun’iy kanal barpo etish ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu chang va havoning ifloslanish darajasini kamaytirishi kerak. Hududning ekologik tozaligini saqlash maqsadida daryo qirg‘oqlari bo‘ylab eni 50 metrdan 300 metrgacha bo‘lgan muhofaza zonalarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Aholining taxminiy soni 2 million kishi
Yangi shahar aholisi poytaxt aholisi va migratsiya hisobiga ko‘payadi, muhandislik tarmoqlari esa qurilish direksiyasi tomonidan ta’minlanadi. Aholining taxminiy soni 2 million kishini tashkil qiladi.
Egizak minoralar (Twin Towers) qurilishi investisiyalarni rag‘batlantirish, iqtisodiyot va savdoni jonlantirishga qaratilgan. Bu binolar tumanning ma’muriy markaziga rang-baranglik qo‘shadi.
Anvarov, shuningdek, “Yangi Toshkent”ni energiya bilan ta’minlash uchun qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish rejalashtirilganini ta’kidladi. Hududni ko‘kalamzorlashtirish uchun ishlatiladigan yomg‘ir suvini yig‘ish va undan foydalanish texnologiyalari ishlab chiqilmoqda.



