$
 12171.61
-24.39
 14117.85
-23.41
 149.80
-1.94
weather
+26
Кечаси   +14°

Zelenskiy: Putin Ukrainadan keyin sobiq SSR davlatlariga yurish qiladi

Zelenskiy intervyu

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy NBC News’ga bergan intervyusida Rossiyaning harbiy tahdidi haqida ochiq gapirdi. Unga ko‘ra, agar AQSh NATOdan chiqsa yoki harbiy yordamni kamaytirsa, Rossiya nafaqat Ukrainaga, balki butun Yevropaga jiddiy xavf tug‘diradi. “Agar Rossiyani to‘xtatmasak, u Yevropaga yurishni boshlaydi. Putin, avvalo, sobiq Sovet Ittifoq tarkibida bo‘lgan davlatlardan boshlaydi”, dedi Zelenskiy.

G‘arb davlatlari xavfni jiddiy qabul qilsin

Rossiyaning Ukrainadagi urushi uch yildan beri davom etayotgan bo‘lsa-da, Zelenskiy G‘arb davlatlarini xavfni jiddiy qabul qilishga chaqirdi. “Biz ular Yevropaning 30 foizini olmoqchimi yoki 50 foizini olmoqchimi, bilmaymiz. Lekin ularda bunday imkoniyat bor”, deya ogohlantirdi u.

NATO tugatilsa, Rossiya Yevropaga yurish qiladi

Ukraina rahbari AQSh vitse-prezidenti JD Vance bilan uchrashuvdan so‘ng jurnalistlarning savollariga javob berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar AQSh NATOdan chiqsa, bu alyansning butunlay qulashiga olib keladi.

“AQShsiz NATO zaiflashadi. Shunda Rossiya Yevropani bo‘laklarga bo‘lib, birma-bir egallaydi. NATO a’zolarining aksariyati o‘zlarini mustaqil himoya qila olmaydi”, deydi Zelenskiy.

Rossiyaning harbiy mashg‘ulotlari va Belarusdagi qo‘shin harakatlarini kuzatayotgan Ukraina razvedkasi ham Rossiya keyingi hujumni Polsha yoki Boltiqbo‘yi davlatlariga yo‘naltirishi mumkin deb hisoblaydi. Zelenskiy esa Rossiyaning urushni yanada kengaytirishiga ishonchi komil ekanini bildirdi:

“Putin Ukrainani egallay olmaganini biladi. Endi u boshqa joyga yo‘naladi. Keyingi nishon – NATO bo‘ladi.”

Intervyudan parcha

Rossiya bilan tinchlik muzokaralari 

Zelenskiy Rossiya bilan tinchlik kelishuviga faqat bir shart bilan rozi bo‘lishini aytdi: Ukrainani chetda qoldirib, AQSh va Rossiya o‘rtasida hech qanday kelishuv tuzilmaydi.

“Men hech qachon AQSh va Rossiyaning Ukraina ishtirokisiz qabul qilgan qarorlarini tan olmayman. Bu bizning urushimiz, bizning yo‘qotishlarimiz. Hech kim biz uchun qaror chiqara olmaydi”, dedi u.

AQShning yangi siyosiy rahbariyati Rossiya bilan muzokaralar olib borayotgan bir paytda, Zelenskiy Ukrainaga strategik hamkor sifatida qaralishini istashini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar AQSh Ukrainani qo‘llab-quvvatlashdan voz kechsa, bu Rossiyaning harbiy ekspansiyasiga yo‘l ochib beradi.

Putinga ishonib bo‘ladimi?

Zelenskiy Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan hech qanday ishonchli kelishuv bo‘lishi mumkin emasligini qayd etdi.

“Putinga ishonmang. Nafaqat so‘zlariga, balki tinchlik sulhiga ham ishonmang. Bu odam hech qachon o‘zgarmaydi. Bu – terrorchi bilan muzokara qilishdek gap”, dedi u.

Rossiya 2019-yilda Ukraina bilan tinchlik kelishuvi bo‘yicha muzokaralar o‘tkazgan, biroq keyinchalik urush yana avj olgan edi. “Biz o‘zimiz yetarli kuchga ega emasmiz, shuning uchun bu haqiqatni ochiq aytishim kerak. Rossiyani chekinishga majbur qilish uchun bizga kuchli ittifoqchilar kerak”, deya ogohlantirdi Zelenskiy.

Ukraina yerlaridan voz kechadimi?

So‘nggi kunlarda AQSh Mudofaa vaziri Pit Hegseth Ukrainaga 2014-yildan beri bosib olingan hududlarni to‘liq qaytarish “real emas” degan bayonotni berdi. Zelenskiy esa Ukrainada Rossiya bosib olgan hududlarni o‘z hududi sifatida tan olmaslik qonun bilan belgilanganini aytdi.

“Biz bu hududlarni Rossiyaniki deb tan olmaymiz. Ammo kelajakda diplomatik yo‘l bilan ularni qaytarish ustida ishlashimiz mumkin. Agar Ukraina NATOga qo‘shilsa, bu masala yanada osonlashadi”, dedi u.

Shuningdek, u Ukraina urushni harbiy yo‘l bilan yutishi mumkin, ammo bu juda katta yo‘qotishlar bilan bo‘lishini ta’kidladi. 

Ukraina resurslariga ko‘z olaytirayotgan AQSh

Zelenskiy shuningdek, AQSh bilan Ukrainaning yer osti boyliklari bo‘yicha yangi bitimlar haqida ham gapirdi. Uning aytishicha, Ukrainada AQSh sanoati uchun zarur bo‘lgan titan, litiy va boshqa muhim elementlarning katta zaxiralari bor.

Biroq Zelenskiy AQShga bu resurslarga faqat harbiy va xavfsizlik kafolatlari bilan ruxsat berilishini ta’kidladi. “Agar bizga xavfsizlik kafolatlari berilmasa, iqtisodiy hamkorlik bo‘lmaydi. Hamkorlik adolatli bo‘lishi kerak”, dedi u.

Avvalroq, Ukraina harbiy yordam evaziga AQShga tuxum taklif qilgani haqida xabar bergan edik. Malumot uchun, Qo‘shma Shtatlar butun mamlakat bo‘ylab tarqalgan parranda grippi epidemiyasi tufayli tuxum taqchilligiga duch kelmoqda. Mahsulot tanqisligi yana bir necha oy davom etishi mumkin.

Теги :
Jamiyat