$
 11970.68
36.04
 13902.75
6.06
 163.18
-0.96
weather
+26
Кечаси   +14°

Mirziyoyev va Putin O‘zbekistondagi AES qurilishiga start berdi: Ikki prezident uchrashuvi tafsilotlari

Mirziyoyev va Putin

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sankt-Peterburg shahriga amaliy tashrifi doirasida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan muzokara o‘tkazdi. Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Savdo va iqtisodiy hamkorlik

Suhbat chog‘ida savdo-iqtisodiy aloqalar yaxshi sur’atda rivojlanayotgani qayd etildi. Xususan, yil boshidan buyon o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 20 foizga oshgan. Hozirgi vaqtda sanoat, energetika, metallurgiya, transport va kimyo sohasi kabi tarmoqlarda yirik loyihalarni amalga oshirish davom etmoqda.

Yetakchilar savdodagi joriy o‘sish sur’atlarini saqlab qolish, qo‘shma kooperatsiya loyihalarini tezlashtirish va hududlar darajasidagi faol aloqalarni davom ettirish muhimligini ta’kidladilar.

Madaniy tadbirlar

Uchrashuvda madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirishga ham e’tibor qaratildi. Shu kunlarda Mariinskiy teatrida Georg Fridrix Gendelning “Tamerlano” operasi premyerasi bo‘lib o‘tgani hamda “Ermitaj” davlat muzeyida O‘zbekiston amaliy san’ati ko‘rgazmasi ochilgani qayd etildi.

Atom elektr stansiyasi qurilishi boshlandi

Tashrifning eng muhim voqeasi O‘zbekistonda integratsiyalashgan atom elektr stansiyasining birinchi energiya blokini qurish ishlariga start berilishi bo‘ldi. Loyihani boshlash marosimida Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin ishtirok etdi. Shuningdek, tadbirga teleko‘prik orqali Xalqaro atom energiyasi agentligi (XAEA) bosh direktori Rafael Grossi ham qo‘shildi.

Shavkat Mirziyoyev ushbu loyihani shaxsan qo‘llab-quvvatlagani uchun Vladimir Putin va Rafael Grossiga minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, loyihada qatnashayotgan O‘zbekiston va Rossiya mutaxassislariga birgalikdagi mehnati va professionalligi uchun tashakkur aytdi.

Bu loyiha O‘zbekistonda yangi tarmoq – atom energetikasini rivojlantirishga asos bo‘ladi hamda mamlakatning texnologik, sanoat va ilmiy o‘sishida yangi bosqichni boshlab beradi. Loyihada kichik modulli atom generatsiyasi hamda yirik hajmli energetika sohasidagi eng so‘nggi yutuqlar qo‘llanilgan.

Xavfsizlik masalasi

O‘zbekiston rahbari stansiya xavfsizligi loyihaning mutlaq va majburiy sharti ekanini alohida ta’kidladi. AESni qurish va uni ishga tushirishga tayyorlash jarayonlari eng zamonaviy xalqaro standartlar hamda ilg‘or muhandislik yechimlari asosida bajarilmoqda. Ushbu ishlar Xalqaro atom energiyasi agentligining doimiy nazorati ostida olib boriladi.

Теги :
Jamiyat
Siyosat