$
 12014.48
-39.55
 13858.70
-73.35
 166.61
-0.44
weather
+26
Кечаси   +14°

E’tibordan chetda qolayotgan fojia: Yaqin Sharqning “unutilgan” davlatlarida migratsiya inqirozi qanday kechmoqda?

E’tibordan chetda qolayotgan fojia

Yaqin Sharq haqida so‘z ketganda, xalqaro hamjamiyatning e’tibori odatda G‘azo, Isroil yoki Suriyaga qaratiladi. Biroq mintaqaning boshqa nuqtalarida shunday davlatlar borki, ular bir vaqtning o‘zida ham og‘ir siyosiy va gumanitar inqirozlarni boshdan kechirmoqda, ham qochqinlarga boshpana vazifasini o‘tamoqda. Qolaversa, gumanitar halokat yoqasida bo‘lishiga qaramay, boshqa davlatlardan kelayotgan migrantlar uchun tranzit yo‘lagi vazifasini ham bajarmoqda. Bu davlatlardagi murakkab migratsiya jarayonlari shuni ko‘rsatadiki, Yaqin Sharqning bugungi manzarasi faqat urush va qochqinlar bilan cheklanmaydi. Mintaqada kuzatilayotgan iqtisodiy tanazzul, xavfsizlik muammolari, demografik siljishlar va mehnat bozori bilan bog‘liq omillar mutlaqo yangi migratsiya oqimlarini shakllantirmoqda.

Urush va inqirozlar chorrahasidagi xavfli tranzit: Yaman fojiasi

Yamanda 2015-yildan beri davom etib kelayotgan qonli ichki ziddiyatlar fonida eng og‘riqli nuqta qochqinlar emas, balki ichki ko‘chirilganlar bo‘lib qolmoqda. 2022-yilda BMT shafeligida xusiylar va hukumat o‘rtasida tuzilgan sulh ichki ziddiyatlarni biroz sokinlashtirgan bo‘lsa-da, mamlakat iqtisodiy urush, siyosiy parchalanish va chuqurlashib borayotgan ijtimoiy inqiroz sharoitida yashashda davom etmoqda. Shunday mudhish gumanitar inqirozni boshdan kechirayotganiga qaramay, Yaman xavfli tranzit mamlakat vazifasini bajarmoqda. BMT Qochqinlar bo‘yicha Oliy Komissarligining 2025-yilgi hisobotlariga ko‘ra, bir yil davomida Yamanga 110 ming 144 nafar migrant kirib kelgan bo‘lib, ularning 97 foizini efiopiyaliklar, 3 foizini esa Somali fuqarolari tashkil qilgan. Bu insonlar Yaman orqali Saudiya Arabistoniga o‘tib ketishni maqsad qilishadi.

Biroq Yamanning o‘zida tashqi migratsiyadan ko‘ra ichki ko‘chirilganlar muammosi o‘ta jiddiy ahamiyatga ega, sababi ularning soni 4,8 million kishini tashkil qilgan. Bu ko‘rsatkich bilan Yaman dunyodagi eng yirik ichki ko‘chish inqirozlaridan birini boshdan kechirmoqda. Bu aholi guruhi doimiy xavfsizlik tahdidi, o‘tkir iqtisodiy qiyinchiliklar va eng zarur maishiy xizmatlar yetishmasligi sharoitida yashab kelmoqda. Ko‘plab oilalar bir necha bor yashash joyini o‘zgartirishga majbur bo‘lgan, bu esa Yamanda migratsiyani bir martalik hodisa emas, balki uzluksiz jarayonga aylantirgan.

Terrorizm ustidan g‘alaba va iqlim qochqinlari: Iroqdagi ziddiyatli holat

Iroqda 2017-yili hukumat ichki terrorchi kuch – IShID ustidan g‘alaba qozonganidan so‘ng, xavfsizlik kuchlari mamlakat hududini tozalash va nazoratni saqlab qolish tizimini keskin kuchaytirdi. Bugungi kunda terrorchi guruhning faqat tog‘li va cho‘l hududlarida tarqoq partizanlik harakatlarigina qolgan. Ichki guruhlar – kurdlar, sunniylar va shialar o‘rtasidagi hukumat talashish raqobatlari davlatni tanazzulga olib kelgani bois, yakunda siyosiy elita o‘zaro murosa qilish yo‘lini tanladi. Bundan tashqari, ko‘p sonli tarafdorlariga ega bo‘lgan shia yetakchisi Muqtada as-Sadrning faol siyosatdan va ko‘cha namoyishlaridan qisman uzoqlashishi ham Bag‘doddagi siyosiy muhitning ancha tinchishiga zamin yaratdi.

Siyosiy barqarorlashuv natijasida 5 millionga yaqin iroqliklar o‘z uylariga qaytishga muvaffaq bo‘lishdi. Shunga qaramay, 1 millionga yaqin ichki ko‘chirilganlar hamon lagerlarda va o‘ta og‘ir sharoitli joylarda qolmoqda. So‘nggi yillarda mintaqada kuzatilayotgan o‘tkir suv inqirozi va qurg‘oqchilik tufayli 186 mingdan ortiq odam mamlakatning markaziy hamda janubiy hududlariga ko‘chib ketishga majbur bo‘lgan. Paradoksal ravishda, oʻzi iqtisodiy qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan Iroq bugungi kunda mintaqadagi qochqinlar uchun yirik boshpana vazifasini ham oʻtamoqda. Mamlakatda 350 mingga yaqin qochqinlar mavjud bo‘lib, ularning 88 foizini suriyaliklar tashkil qiladi. Shu bilan birga, mahalliy siyosiy tizimga bo‘lgan ishonchsizlik, chuqur ildiz otgan korrupsiya, ishsizlikning yuqori darajasi va iqtisodiy tarmoqlardagi inqiroz natijasida iroqlik yoshlar o‘rtasida xorijga ko‘chib ketish istagi juda kuchli bo‘lib qolmoqda.

“Ikki karra ko‘chish” va aql qochishi: Livan yoqasidagi gumanitar jarlik

Livanda esa hozirgi migratsiya va aholining koʻchishi bilan bogʻliq vaziyat oʻta ogʻir baholanib, davlat keskin gumanitar inqiroz yoqasida turibdi. Mamlakat uzoq yillik iqtisodiy inqiroz va siyosiy beqarorlik ortidan, soʻnggi oylarda harbiy mojarolarning mutlaqo yangi va shiddatli toʻlqinini boshdan kechirmoqda. Livanning janubiy hududlari, Bekaa vodiysi va poytaxt Bayrutning chekka qismlarida harbiy harakatlarning keskin kuchayishi oqibatida mamlakat misli koʻrilmagan ichki migratsiyaga yuz tutdi. Bugungi kunda Livan ichida o‘z uylarini tashlab ketishga majbur boʻlganlar soni 1,3 million kishidan oshib ketgan.

Siyosiy inqirozgacha mamlakatda 1,5 millionga yaqin qochqinlar yashab kelayotgan edi. Hozirda vaziyat chidab boʻlmas darajaga kelgani sababli, 200 ming nafardan ortiq suriyalik qochqin va ular bilan birga 32 mingdan ziyod Livan fuqarosi chegarani kesib oʻtib, urush hamon davom etayotgan boʻlishiga qaramay, Suriya hududiga qochib oʻtishga majbur boʻldi. Bu dahshatli jarayon xalqaro migratsiya nazariyasida juda kam kuzatiladigan “Double Displacement” (Ikki karra koʻchish) hodisasini yuzaga keltirmoqda, ya'ni yaqin yillargacha Suriyadan qochganlar endi Livandan qochib yana ortga qaytmoqda. Bundan tashqari, Livanda intellektual migratsiya holati eng yuqori ko‘rsatkichlarga yetgan. Evakuatsiya yoʻllarini qidirayotgan livanliklar Kipr, Yevropa Ittifoqi davlatlari va Fors koʻrfazi mamlakatlariga qonuniy hamda noqonuniy yoʻllar bilan ketishga intilmoqda.

Migratsiya — yakuniy yechim emas, omon qolish jarayoni

Ushbu davlatlar misoli shuni yaqqol ko‘rsatadiki, Yaqin Sharqdagi migratsiya jarayonlari bir xil qolipga sig‘maydigan va o‘ta murakkab tizimdir. Har bir davlatda migratsiya turli omillar asosida shakllangan bo‘lsa-da, yakuniy natija bir xil: beqaror harakat, doimiy ijtimoiy bosim va uzluksiz insonlar oqimi. Bu uch davlatni o‘zaro birlashtiradigan eng fojiali jihat shundaki, migratsiya bu yerda yakuniy yechimga emas, balki doimiy jarayonga aylanib ulgurgan.

Ko‘chish endilikda faqatgina xavfsizlik tahdididan qochish emas, balki iqtisodiy omon qolish, kuchli ijtimoiy bosim va siyosiy beqarorlik bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan kompleks hodisaga aylangan. Yaqin Sharqdagi ushbu xavotirli manzara migratsiyani faqatgina quruq statistik raqamlar orqali emas, balki yirik siyosiy qarorlar, iqtisodiy tizimlar va millionlab insonlar hayoti ayovsiz kesishgan jarayon sifatida qabul qilishni talab etadi.

Теги :
Jamiyat
Iqtisodiyot
Siyosat