$
 12004.75
-16.57
 13691.42
-42.94
 157.11
-0.53
weather
+26
Кечаси   +14°

Rekordlar yomg‘iri: JCh–2026 qanday natijalar bilan tarixga kirmoqda?

Messi

Yillar davomida millionlab muxlislarga unutilmas lahzalarni hadya etgan futbol afsonalari davri asta-sekin yakunlanmoqda. Krishtianu Ronaldu, Lionel Messi va Neymar kabi jahon futbolining eng yirik yulduzlari uchun bu mundial so‘nggisi bo‘lishi mumkin. Shu bois AQSh, Kanada va Meksikada o‘tayotgan JCh–2026 nafaqat buyuk futbolchilar bilan vidolashuv, balki futbol tarixida yangi rekordlar yozilayotgan turnir sifatida ham e’tibor markazida turibdi.

Jahon chempionatlari har safar faqat yangi chempionni aniqlab bermaydi. Har bir mundial futbol tarixiga yangi rekordlar va yangi statistikalarni ham olib kiradi. JCh–2026 ham bundan mustasno emas. Turnir hali yakunlanmagan bo‘lsa-da, guruh bosqichi va pley-offning dastlabki uchrashuvlaridayoq qator tarixiy ko‘rsatkichlar yangilandi. Musobaqa davom etayotganini hisobga olsak, bu ro‘yxat finalgacha yana kengayishi mumkin.

Stadionlarda yozilayotgan tarixiy rekordlar

JCh–2026 tomoshabinlar tashrifi bo‘yicha ham Jahon chempionati tarixidagi rekordlarni yangilashda davom etmoqda. “FIFA Inside” ma’lumotlariga ko‘ra, guruh bosqichi uchrashuvlarini stadionlarda jami 4 million 644 ming 549 nafar muxlis tomosha qilgan. Natijada 1994-yilda AQSh mezbonlik qilgan mundialda qayd etilgan 3,5 million tomoshabinlik rekord turnir yakunlanmasidan yangilandi.

25-iyun kuni o‘tkazilgan uchrashuvlar esa alohida rekord bilan tarixga kirdi. O‘sha kuni stadionlarga jami 426 ming 834 nafar muxlis tashrif buyurdi va bu FIFA tarixidagi eng yuqori bir kunlik tomoshabinlar ko‘rsatkichi bo‘ldi. Tashriflar faqat stadionlar bilan cheklanmadi. Guruh bosqichi davomida mezbon shaharlardagi rasmiy fan-zonalarga 5,5 milliondan ortiq odam yig‘ildi. Mexikodagi fan-zonada esa bir kunning o‘zida 201 ming 500 nafar muxlis jamlanib, bu yo‘nalishda ham yangi rekord qayd etildi. Jahon chempionati Meksika uchun ham tarixiy ahamiyat kasb etdi. Mamlakatdagi afsonaviy “Estadio Azteca” 1970 va 1986-yillardan keyin yana mundial uchrashuvlariga mezbonlik qildi. Shu tariqa u dunyoda uchta alohida Jahon chempionatiga mezbonlik qilgan ilk stadion sifatida futbol tarixidan joy oldi.

48 talik format effekti

JCh–2026ning kengaytirilgan formati o‘yinlar statistikasiga ham ta’sir ko‘rsatmay qolmadi. Turnir tarixida ilk bor 48 ta terma jamoa ishtirok etayotgani sabab uchrashuvlar soni 104 taga yetdi. Guruh bosqichi yakunlariga ko‘ra jami 215 ta gol qayd etilib, 2022-yilda Qatarda o‘tkazilgan Jahon chempionatida qayd etilgan 172 ta gol natijasini yangiladi. Har bir o‘yinga esa o‘rtacha 2,99 ta gol to‘g‘ri kelmoqda. Bu 1958-yilda Shvetsiyada o‘tkazilgan Jahon chempionatidan buyon qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.

Biroq turnir faqat sermahsul o‘yinlar bilan emas, mustahkam himoyasi bilan ajralib turgan jamoalar ham ko‘pchilikning e’tiborni tortmoqda. Shveysariya va Kolumbiya o‘rtasidagi pley-off bahsining asosiy vaqti 0:0 hisobida yakunlangach, golsiz uchrashuvlar soni sakkiztaga yetdi. Bu Jahon chempionatlari tarixida bitta turnir doirasida qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lib, o‘ziga xos antirekord sifatida tarixga kirdi. Turnir davomida yana bir ramziy natija ham qayd etildi. 20-iyun kuni Tunis va Yaponiya o‘rtasida o‘tkazilgan bahs erkaklar o‘rtasidagi Jahon chempionatlari tarixidagi 1000-rasmiy o‘yin bo‘ldi.

Afsonalar dueli

JCh–2026 individual rekordlar borasida ham tarixiy natijalarga boy bo‘ldi. Lionel Messi, Krishtiano Ronaldu va Guillermo Ochoa faoliyati davomida oltita alohida Jahon chempionati qaydnomasiga kiritilgan tarixdagi ilk futbolchilarga aylandi. Ronaldu ushbu oltita mundialning barchasida gol urishga muvaffaq bo‘lgan yagona futbolchi maqomini saqlab qoldi. Shu bilan birga, u Eusébioning mundiallardagi 9 gollik natijasini ortda qoldirib, Portugaliya tarixidagi eng yaxshi Jahon chempionati to‘purariga aylandi.

Messi esa mundiallardagi gollari sonini 21 taga yetkazib, Miroslav Klosening 16 ta goldan iborat rekordini yangiladi va turnir tarixidagi eng yaxshi to‘purar maqomini qo‘lga kiritdi. Bundan tashqari, u ketma-ket oltita pley-off uchrashuvida gol urgan ilk futbolchi sifatida ham tarixga kirdi. Biroq argentinalik hujumchi turnirda salbiy statistika ham qayd etdi. Misrga qarshi uchrashuvda penaltidan foydalana olmagan Messi mundiallar tarixida jami to‘rt marta penaltini golga aylantira olmagan ilk futbolchi bo‘ldi.

Terma jamoalarning qayd etgan natijalari

JCh–2026 terma jamoalar va murabbiylar uchun ham qator tarixiy natijalarni taqdim etdi. AQSh musobaqa davomida raqiblar darvozasini 11 bor ishg‘ol qilib, 1930 va 2022-yillarda qayd etilgan rekordini yangiladi. Jamoa hujumchisi Malik Tillman esa pley-offning ketma-ket ikki bosqichida gol urgan ilk amerikalik futbolchiga aylandi. Turnirning yana bir e’tiborga molik natijasi Kabo Verde hissasiga to‘g‘ri keldi. Aholisi qariyb 530 ming bo‘lgan mamlakat ilk bor guruh bosqichidan chiqib, Jahon chempionatlari tarixida pley-offga yo‘l olgan eng kam aholilisi bor davlat sifatida qayd etildi. Kyurasao terma jamoasi bosh murabbiyi Dik Advokaat esa 78 yoshida mundial tarixidagi eng keksa murabbiyga aylandi.

Himoyadagi rekordlar Ispaniya jamoasi hissasiga to‘g‘ri keldi. Jamoa Jahon chempionatlari tarixida ketma-ket oltita uchrashuvda o‘z darvozasi daxlsizligini saqlagan ilk terma jamoa bo‘ldi. Ushbu seriyaning beshta o‘yini 2026-yilgi, bittasi esa 2022-yilgi mundialga to‘g‘ri keladi. Darvozabon Unai Simon esa 609 daqiqadan buyon gol o‘tkazmay, musobaqa tarixidagi eng uzoq “quruq” seriya muallifiga aylandi. Hozircha u darvozasi tomon yo‘llangan zarbalarning barchasini qaytarishga muvaffaq bo‘lmoqda.

Meksika terma jamoasi ham guruh bosqichidagi uchala uchrashuvni gol o‘tkazmasdan va uch g’alaba bilan yakunlab, mundial mezbonlari orasida bunga erishgan ilk jamoa bo‘ldi. Biroq pley-offda Angliyaga qarshi uchrashuvda gol o‘tkazishi natijasida ushbu seriya yakunlandi.

Turnir Afrika vakillari uchun ham muvaffaqiyatli kechdi. Jahon chempionatlari tarixida ilk bor qit’aning ikkitadan ortiq jamoasi guruh bosqichidan chiqishga muvaffaq bo‘ldi. Senegal terma jamoasi esa bitta uchrashuvda beshta gol urib, mundiallar tarixida bunday natijaga erishgan ilk Afrika terma jamoasi sifatida qayd etildi.

Oʻzbekiston terma jamoasining tarixiy debyuti

JCh–2026 Markaziy Osiyo futboli uchun ham tarixiy turnirga aylandi. “Oq boʻrilar” Markaziy Osiyo davlatlari ichida Jahon chempionatiga yoʻllanma olgan ilk mamlakat sifatida tarixdan joy oldi. Sobiq ittifoq hududidan esa Rossiya va Ukrainadan keyin mundialda ishtirok etgan uchinchi davlatga aylandi. Garchi terma jamoa guruh bosqichida Kolumbiya, Portugaliya va Kongo DR kabi davlatlarga magʻlub boʻlib, musobaqani erta tark etgan boʻlsa-da, ushbu debyut bir qator tarixiy natijalar bilan yodda qoldi. Eldor Shomurodov va Abbosbek Fayzullayev Oʻzbekistonning Jahon chempionatlari tarixidagi dastlabki gollari muallifiga aylandi.

Football Meets Data portali ma’lumotlariga ko‘ra, Oʻzbekiston ishtirokidagi uchrashuvlar tomoshabinlar tomonidan katta qiziqish bilan tomosha qilingan.  Xususan, “Estadio Azteca”da Kolumbiyaga qarshi hamda keyinchalik Portugaliyaga qarshi o‘tkazilgan bahslar guruh bosqichining eng ko‘p tomoshabin yig‘gan uchrashuvlari reytingidan joy oldi. Oʻzbekistonning mundialdagi ishtiroki qoʻshni Qozogʻistonda ham katta qiziqish uygʻotdi. Qozogʻiston sport telekanallari ma’lumotiga ko‘ra, Portugaliya va Oʻzbekiston uchrashuvi translyatsiya vaqtida 45,1 foizlik auditoriya ulushini qayd etib, JCh–2026 guruh bosqichidagi eng ko‘p tomosha qilingan o‘yin bo‘ldi.

Biroq turnirning hal qiluvchi bahslari hali oldinda. Shu sabab hozirgacha qayd etilgan statistik natijalar yakuniy emas va musobaqa oxiriga qadar ularning ayrimlari yana yangilanishi mumkin. 

Теги :
Jamiyat