Samarqand — “fors merosi”mi? Eronning uchta elchixonasi bahs boshladi
AQSh davlat kotibi Marko Rubioning Registonda tushgan suratlari bahslarga sabab bo‘ldi.
2 daqiqa o‘qiladi

Eronning uchta davlatdagi elchixonasi ushbu suratlarni ulashib, izohlarda Samarqand me’morchiligini fors va eron-islom madaniy merosi bilan bog‘ladi.
Bahsli postlardan keyin O‘zbekiston Eron elchisiga norozilik notasi topshirdi.
Uchta elchixona Samarqand haqida post joyladi
Eronning Armaniston, Zimbabve va Bolgariyadagi elchixonalari Marko Rubioning Samarqandga tashrifi aks etgan surat va videolarni e’lon qildi. Uchala elchixona ham Registon me’morchiligini Eronning tarixiy va madaniy merosi bilan bog‘ladi. Faqat ular bu fikrni turlicha ifodalagan.
Armanistondagi elchixona nima dedi?
20-oktyabr kuni Eronning Armanistondagi elchixonasi Rubioning Samarqand haqidagi postiga javob qaytardi. Unda AQSh davlat kotibi turgan joy fors sivilizatsiyasi va me’morchiligining bir qismi ekani aytildi.
Diplomatlar Rubioning avval Afinadagi Akropol yonida bildirgan fikrlarini ham tanqid qildi. Uchta elchixona orasida aynan Armanistondagisi Samarqandni fors sivilizatsiyasi bilan eng ochiq bog‘lagan.
Qolgan 2 elchixona ham Rubioni tanqid qildi
Eronning Zimbabvedagi elchixonasi Registon peshtoqlarini eron-islom sivilizatsiyasiga xos me’morchilik namunasi deb atadi. Shuningdek, Rubioni ushbu madaniy merosga dushmanona munosabatda bo‘lishda aybladi.
Bolgariyadagi elchixona esa Rubio Eron sivilizatsiyasini tanqid qilishi, lekin ayni paytda Samarqandda fors merosi fonida suratga tushishini ta’kidladi. Shunday qilib, uchala elchixona ham Samarqanddagi tarixiy obidalarni fors madaniy merosi bilan bog‘lab, AQSh davlat kotibiga e’tiroz bildirdi.
O‘zbekiston Eron elchisiga norozilik notasi topshirdi
23-oktyabr kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Bahromjon A’loyev Eron elchisi Muhammad Ali Iskandariy bilan uchrashdi. Tashqi ishlar vazirligining xabar berishicha, ushrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik va mintaqadagi dolzarb masalalar muhokama qilgan. Shuningdek, Eron elchisiga X ijtimoiy tarmog‘idagi siyosiy mazmundagi postlar sabab norozilik notasi topshirildi. O‘zbekiston Eron tomonidan ushbu postlarni o‘chirish va bunday holatlar takrorlanmasligi uchun chora ko‘rishni talab qildi.




