$
 12208.08
32.74
 14116.20
52.46
 155.00
0.71
weather
+26
Кечаси   +14°

Kambag‘allikni faqat pul tarqatish bilan hal qilib bo‘lmaydi

kambag

11-sentyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mahallalarda kambag‘allikni qisqartirish, kambag‘al oilalar bilan ishlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha nima ishlar qilindi?

Mazkur yig‘ilishda keltirilishicha, to‘rt yil avval bu boradagi ishlar boshlanganida 7,5 million yoki 23 foiz aholining daromadi kambag‘allik chegarasiga yetmas edi. Shu davrda aholimiz 3,7 millionga ko‘paydi, kambag‘allik chegarasi ham tegishli ravishda 1,5 karra oshirildi. Bunga qaramasdan, 3,5 million odamni daromadli qilish hisobiga 2023-yil yakuni bilan kambag‘allikni 11 foizga pasaytirishga erishildi.

Avvalo, ijtimoiy himoya qamrovi 4,5 karra oshirilib (466 ming oiladan 2,2 millionga), o‘tgan yili bu maqsadlarga 12,3 trillion so‘m ajratildi. Pensiya va nafaqalar miqdori ham 1,5 baravar ko‘paytirildi.

Ajratilgan mablag‘larga qaramay, ahvoli o‘nglanmayotgan tumanlar

Prezident kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ishlar ahvoli hamma viloyat va tumanda ham bir xil emasligini ko‘rsatib o‘tdi.

Masalan, o‘tgan olti oyda Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo va Xorazmda kambag‘allik 2 foizdan ortiq kamaygan bo‘lsa, Navoiy, Surxondaryo, Farg‘ona va Toshkent shahrida o‘zgarish bo‘lmagan. Respublikaning 15 ta tumanida kambag‘allik 20 foizdan yuqori. Bular – Amudaryo, Beruniy, Qonliko‘l, Nukus, Taxtako‘pir, Xo‘jayli, Chimboy, Guliston, Mirzaobod, Oqoltin, Sardoba, Gurlan, Yangiariq, Yangibozor va Tuproqqal’a. Bu tumanlarda kambag‘allikni qisqartirish uchun uch yilda 1,7 trillion so‘mlik arzon kredit va subsidiya berilgan bo‘lsa-da, o‘zgarish bo‘lmagan.

Natijaga erishgan hududlar ham bor

Aholiga bo‘lib berilgan yerlar bo‘yicha 17 ta tumanda 2-3 martadan hosil olish hisobiga kambag‘allik 2 karra kamaydi. Bular – Paxtaobod, Baliqchi, Gurlan, Xonqa, Oltiariq, Dang‘ara, Konimex, Boyovut, Jomboy, Shofirkon, Sh.Rashidov, Zomin, Shahrisabz, Bandixon, O‘rtachirchiq, Bo‘ka, Taxiatosh tumanlari.

Lekin, 14 ta tuman – Qonliko‘l, Shumanay, Qorovulbozor, Peshku, Chiroqchi, Muborak, Nurobod, Oqoltin, Muzrabot, Bandixon, Qiziriq, Ohangaron, Parkent, Tuproqqal’ada o‘zgarish sezilmayapti. Tuman hokimlari, ularning iqtisodiyot va qishloq xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosarlariga bu boradagi faoliyati sustligi bo‘yicha qat’iy e’tiroz bildirildi.

Bo‘sh ish o‘rinlari bor, ammo kambag‘al qatlamda bilim va ko‘nikma yetishmaydi

Prezident topshirig‘iga ko‘ra, mutasaddilar masalani ichiga chuqurroq kirdi, eng og‘ir mahalladagi nochor oilalarga borib, nimaga ko‘proq e’tibor berish kerakligini o‘rgandi. Bu masalada savdo, servis, to‘qimachilik, tibbiyot, ovqatlanish, qurilish, kasanachilik, elektrotexnika, transport sohasi tadbirkorlari bilan aniq muhokamalar o‘tkazildi.

O‘rganishlar kambag‘allikni faqat pul tarqatish bilan hal qilib bo‘lmasligini ko‘rsatmoqda. Hozirda 3-5 million so‘mgacha oylik beraman degan korxonalarda 250 mingta bo‘sh ish o‘rni bor. Lekin kambag‘al oilani 35 foiz ishga layoqatli a’zolarida bilim va ko‘nikma kam. Bola parvarishi bilan band bo‘lgani uchun ishlash xohishi bo‘lgan ayollarning 43 foizi ishga bora olmayapti.

Kambag‘al oilalarning 83 foizida katta tomorqa bor. Lekin, ularning 62 foizida – suv, 48 foizida – elektr muammosi bor, yana 50 foizi markazdagi bozorga borishga qiynalmoqda, deyiladi videoselektorda.

Теги :
Jamiyat