Madaniyat vaziri “trend”dan tushmayapti
Avvalroq festivallar ko‘chani asfalt qilishdan muhimroq degan gapi uchun tanqid toshlariga duchor bo‘lgan Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning yana bir chiqishi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalar va e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda. Ba’zi jamoatchilik faollari Nazarbekovni amal o‘zgartirganini ta’kidlasa, boshqalar uning gaplarida haqiqat borligini aytyapti.
3 daqiqa o‘qiladi

Avvalroq festivallar ko‘chani asfalt qilishdan muhimroq degan gapi uchun tanqid toshlariga duchor bo‘lgan Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning yana bir chiqishi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalar va e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda.
Jurnalistlarning “tili chiqmasdan” turib
“Jurnalistlarning “tili chiqmasdan” turib, faqat artistlarga yopishishardi. Chunki eng “bezzashitniy” obyekt faqat san’atkor bo‘lardi. Shuning uchun biz ko‘nikkanmiz. Qolganlar endi eshityapti bunaqa narsalarni. 20 yil oldin jurnalistlar hech kimni gapira olmas edi, lekin faqat bizni gapiraverardi, faqat bizni ustimizda gap edi. Shuning uchun biz ancha ko‘nikkanmiz, avvaldan bizda sal ko‘nikma bor bu narsaga”, deydi vazir ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda.
Nazarbekovni amal o‘zgartirdimi?
Nazarbekovning bu gapidan so‘ng, ko‘plab jamoatchilik faollari va soha vakillari vazirga e’tiroz bildirmoqda. Xususan, jurnalist Nasriddin Asriddinov amal Ozodbek Nazarbekovni 180 gradusga o‘zgartirganini yozdi. “Amal sizni ancha o‘zgartirdi...180 gradusga o‘zgardingiz... Essiz.. Sizni tanitgan va mashhur qilgan ham shu jurnalistlar bo‘ladi... Ilk bora ham birinchi meni ko‘rsatuvimga sizni tavsiya qilgan o‘sha paytda 1998-yilda "Katta tanaffus"ga ustozingiz Muhriddin Holiqov bo‘ladi. Tilimiz chiqqanda esa birinchi bo‘lib “dada” va “ona” deb tug‘ilamiz, artist deb emas. Gapiraman desa gap ko‘p. Lekin aynan shu sohada men kabi faoliyat olib borayotgan, bir umr san’at va madaniyatni yoritib kelayotgan ayrim jurnalistlarga nisbatan siz tomondan yaxshi gap ham bo‘lmabdi. Omadingizni bersin”, deb yozgan u Facebook’dagi sahifasida.
Shuningdek, Asriddinov vazir Nazarbekov matbuot bayramlari kuni munosabati bilan boshqacha gaplarni aytishini eslatdi va uni hamisha bir xil bo‘lishga chaqirdi.
Tanganing ikkinchi tomoni
Bloger Zafarbek Solijonov esa vazir to‘g‘ri gapni aytganini, biroq buning boshqacha talqini borligini yozdi. “Ozod akaning bu gapi nega sizlarga yoqmadi? To‘g‘ri gapiryapti. Lekin degan joyi bor. “Tili chiqmay” emas, “tilini chiqarishga yo‘l qo‘yishmagan”. Nima uchun sizlarni tanqid qilishgan? Chunki avvalgi hukumat sizlardan "gullagan diyor, jannat" degan illyuziya uchun foydalangan. Shunga badal to‘lagansiz, soliq to‘lamay mazza qilib yurgansiz. Hukumat sizlarning siyosatdagi “xizmatingiz”dan voz kechishni boshlasagina vaziyat o‘zgara boshlaydi. Chunki Eminem chiqib, “abadiy bahorim, jon Amerikajon” demaydi”, deydi bloger.
Jurnalistlarga birinchi tosh otilishi emas
Qayd etish joizki, oldinroq Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov “Dunyo sadolari” xalqaro festivali bo‘yicha jurnalistlar bilan Xonobod shahrida o‘tkazilgan muloqotda “Mening gaplarimdan kavak qidirmanglar. Ovora bo‘lib yomonlik qidirmalaring. Qo‘llaringdan balo ham kelmaydi baribir... Ming o‘ylaganing bilan soching oqaradi yoki to‘kiladi, xolos, boshqa narsa bo‘lmaydi” degan va bu gaplar qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘lgandi.
Bot-bot yog‘ilayotgan tanqid toshlari
Eslatib o‘tamiz, 16-avgust kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Ozodbek Nazarbekov odamlar “Ovoz” loyihasiga ajratilayotgan mablag‘larni malomat qilaverishsa, o‘z uyini sotib, pullarni davlatga qaytarishini ma’lum qilgandi. “Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivalining tantanali ochilish marosimi davomida jurnalistlarga bergan intervyusida esa Nazarbekov festivallar o‘tkazish ko‘chani asfalt qilishdan muhim ekanini aytgandi.



