$
 12749.75
7.99
 14142.02
106.97
 140.25
0.4
weather
+26
Кечаси   +14°

Dunyoda vabodan oʻlim koʻrsatkichi 71 foizga oshdi

Vabo

2023-yili dunyo boʻyicha vabo infeksiyadan oʻlim koʻrsatkichi 2022-yilga nisbatan 71 foizga, kasallanish holatlari esa 13 foizga oshgan. Bu haqda Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining vabo epidemiyasi boʻyicha eʼlon qilingan yangi hisobotiga tayanib Sogʻliqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Oʻtgan yili vabodan 4000 kishi vafot etdi

Hisobotga koʻra, joriy yilda ham epidemiologik vaziyat murakkab. Xususan, 2024 yil boshidan buyon 342 mingdan ortiq bemorda ushbu infeksiya aniqlangan, ulardan 2,4 ming nafari hayotdan koʻz yumgan. 22 mamlakatda kasallik avj olishi kuzatilgan.

“Oʻtgan yili vabodan 4000 kishi vafot etdi. Iqlim oʻzgarishi, baʼzi mintaqalarda ichimlik suv tanqisligi, qashshoqlik, sanitariya sharoitlari yetishmasligi, urush va harbiy toʻqnashuvlar xastalik kuchayishiga sabab boʻldi”, degan JSST rahbari Tedros Gebreyesus.

Kasallik qurbonlari soni rasmiy statistikadan ancha yuqori

Jumladan, iyul-avgust oylari oraligʻida Sudanda qariyb 2,7 ming kishiga vabo tashxisi qoʻyilgan. Ulardan 120 nafarining hayotini saqlab qolish imkoni boʻlmagan.

JSSTning vabo boʻyicha texnik rahbari Filipp Barboza fikricha, kasallik qurbonlari soni rasmiy statistikadan ancha yuqori. Aslida uni har yili taxminan 2 mlnga yaqin kishi yuqtirib, 100 ming nafari hayotdan koʻz yumayotgan boʻlishi mumkin.

Yechim nimada?

Masʼullar epidemiyaning yangi toʻlqinini jilovlasa boʻladi, degan xulosada. Buning uchun kasallikka qarshi vaksinalar ishlab chiqarish hajmini oshirish zarur. Chunki oʻtgan yili qariyb 36 mln doza emlash vositalari ishlab chiqarilgan, biroq bu mavjud ehtiyojning atigi 50 foizini qoplaydi, xolos.

Qoʻshimcha qilinishicha, toza ichimlik suvi taʼminoti, sanitariya va gigiyena qoidalariga amal qilish vabo epidemiyasini toʻxtatishning uzoq muddatga moʻljallangan yagona barqaror yechimi boʻlib qolmoqda.

Теги :
Жамият